🏗Qurilish industriyasi tobora rivojlanib, dunyo mamlakatlarining imijini o‘zgartirib borayotgan bugungi davrda kechagi yutuqlarimiz bilan faxrlana olmasligimiz bor haqiqat. Boisi texnologiyalarda usul va uslublar shiddati oldimizga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Xususan, yo‘l qurilishida ham. Aynan shu maqsad, mavjud holat, topshiriqlar ijrosi mutaxassislarni bir yerga jamladi.
✅Qurilishda standartlashtirish respublika markazi kompleks laboratoriyasida bo‘lib o‘tgan seminar o‘zaro fikrlashib olish, yo‘l qurilishidagi yangi normativlarni ishlab chiqish, umumlashtirish, takliflar kiritishda maydon vazifasini o‘tadi. Ma’lum qilinganidek, joriy yilning 7-aprel kuni Prezidentimiz ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda soha vakillari zimmasiga katta vazifalar yuklatilgan. Xususan, ushbu yilda tuman markazlari va shaharlarda 670 kilometr piyoda hamda velosiped yo‘laklari barpo etish, ularni sement-betondan qurish, loyihalashda drenaj tizimiga alohida e’tibor qaratish kabi masalalar ilgari surilgan.
❗️Munozaralarda munosabatlar turlicha. Biroq yagona maqsad yo‘l qurilishida sifatga erishish. Seminarda ham masalaning shu jihati muhokamalar markazida bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, ichki yo‘llarni texnik va texnologik jihatdan yaxshilash, beton yo‘laklar qurish bo‘yicha yangi yo‘riqnoma ishlab chiqilgan va seminar davomida ushbu hujjat yanada takomiliga yetkaziladi.
🟢 Qurilish sohasida standart nima? Laborator tahlillarchi? Shu kabi savollarga aynan mazkur kompleksda javob topish mumkin. Boisi bu yerda ilm amaliyotga singdiriladi. Seminarlarning aynan shu joyda o‘tkazilishida ham ana shunday ma’no-mohiyat bor. Darvoqe, yoshlar uchun ushbu laborator majmua – o‘ziga xos darsxona. Asosan arxitektura va qurilish sohasiga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari yoshlari nazariy bilimlarini ushbu markazda mustahkamlaydilar.
✔️Umuman olganda, mazkur kompeks laboratoriya yangi g‘oyalar, ishlanma va innovatsiyalarni amalga tatbiq qilishda muhim maydon, tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.