• Ishonch telefoni: 1298 •

AKKREDITATSIYA QOIDALARI

Qurilish Vazirligi > AKKREDITATSIYA QOIDALARI

Ommaviy axborot vositalari vakillarini

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzurida akkreditatsiya qilish

 

TARTIBI

I. Umumiy qoidalar

1. Ommaviy axborot vositalari (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) jurnalistlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) huzurida akkreditatsiya qilish Qonunchilik palatasida o‘tkaziladigan tadbirlar haqidagi axborotlarning tezkor, ochiq, keng va xolis yoritilishini tashkil etish maqsadida amalga oshiriladi.

2. Akkreditatsiya «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va ushbu Tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

3. Mazkur Tartibda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:

jurnalist – mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxs;

texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodim – OAVning tahririyati tomonidan jurnalist(lar)ga biriktirilgan multimedia mutaxassisi, teleoperatorlar, fotojurnalistlar, tele-, kino- va videoapparatlarga, aloqa va boshqa texnik vositalarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassis, tarjimon, pardozchi;

akkreditatsiya – tegishli OAV tahririyatining buyurtmanomasi asosida jurnalistning vakolatlarini Qonunchilik palatasi tomonidan e’tirof etish tartiboti bo‘lib, Qonunchilik palatasi faoliyatini OAVda yoritish uchun jurnalistning ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi guvohnomani berish bilan bog‘liq jarayon.

4. Akkreditatsiya qilinadigan jurnalistlar soni Qonunchilik palatasi tomonidan OAV tahririyatlari bilan kelishilgan holda ushbu Tartibning 1-ilovasida ko‘rsatilgan miqdor doirasida belgilanadi.

 

II. Akkreditatsiya qilishni tashkil etish

 

5. Akkreditatsiya qilish uchun OAV tahririyati tomonidan tahririyatning rasmiy blankasida yozilgan, ushbu Tartibning 2-ilovasida keltirilgan shakldagi buyurtmanoma Qonunchilik palatasining Matbuot xizmatiga (bundan buyon matnda Matbuot xizmati deb yuritiladi) taqdim etiladi. Buyurtmanoma OAV birinchi rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan imzolanishi lozim.

6. Buyurtmanomaga OAVning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, akkreditatsiya qilish uchun tavsiya etilayotgan OAV jurnalisti, OAV tahririyatining guvohnoma beriladigan texnik
va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarining fotosurati ilova qilinishi lozim.

7. Akkreditatsiya qilish uchun buyurtmanoma yozma yoki elektron shaklda (Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti orqali) taqdim etiladi.

8. Buyurtmanomani ko‘rib chiqish hamda jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish Matbuot xizmati tomonidan buyurtmanoma olingan sanadan e’tiboran o‘n ish kuni ichida amalga oshiriladi.

9. OAV jurnalisti bir yil muddatga akkreditatsiya qilinadi.

Akkreditatsiya qilingan OAV jurnalistlariga Matbuot xizmati tomonidan ushbu Tartibning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi «Akkreditatsiya guvohnomasi» beriladi.

«Akkreditatsiya guvohnomasi» Qonunchilik palatasi Devonining Tashkiliy ishlar va kadrlar bo‘limi tomonidan tayyorlanadi.

Guvohnoma Matbuot xizmatining rahbari tomonidan imzolanadi va unga Qonunchilik palatasining muhri qo‘yiladi.

 

III. Akkreditatsiya qilishni rad etish
yoki akkreditatsiyani bekor qilish

10. Quyidagi hollarda jurnalistni akkreditatsiya qilish rad etilishi mumkin:

buyurtmanoma mazkur Tartib talablariga mos bo‘lmaganda;

reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari (reklama tarqatishga ixtisoslashgan gazetalar, jurnallar, tele-, radio kanallar va boshqalar).

11. Jurnalistning akkreditatsiya qilinganligi yoki uni akkreditatsiya qilish rad etilganligi haqida OAV tahririyatiga ma’lum qilinadi.

12. Quyidagi hollarda jurnalistning akkreditatsiyasi muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin:

jurnalisti akkreditatsiya qilingan OAV faoliyati tugatilgan yoki to‘xtatib qo‘yilganda;

belgilangan tartibda jurnalist tomonidan Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari buzilgan deb topilgan taqdirda;

jurnalist bilan OAV tahririyati o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;

jurnalistning akkreditatsiyasini bekor qilishni so‘rab OAV tahririyati tomonidan Qonunchilik palatasiga yozma murojaat yo‘llangan taqdirda.

13. Akkreditatsiya qilingan jurnalist ishdan bo‘shatilgan taqdirda OAV tahririyati bu haqda darhol Matbuot xizmatini xabardor qiladi.

14. Jurnalistning akkreditatsiyasi bekor qilingan taqdirda OAV tahririyati «Akkreditatsiya guvohnomasi»ni bir ish kuni ichida Matbuot xizmatiga qaytaradi.

Jurnalistning akkreditatsiyasi ushbu Tartib 12-bandining uchinchi – beshinchi xatboshilariga muvofiq bekor qilinganda OAV tahririyati akkreditatsiyasi bekor qilingan jurnalistning «Akkreditatsiya guvohnomasi»ni Matbuot xizmatiga qaytargach, uning o‘rniga boshqa jurnalistni akkreditatsiya qilishni so‘rab ushbu Tartibga muvofiq buyurtmanoma taqdim etishga haqlidir.

15. «Akkreditatsiya guvohnomasi»ning amal qilish muddati tugagan, guvohnomadagi ma’lumotlar o‘zgartirilgan yoki guvohnomaga shikast yetgan bo‘lsa yoxud jurnalistning akkreditatsiyasi bekor qilingan bo‘lsa, jurnalist Qonunchilik palatasi binosiga kiritilmasligi mumkin.

 

IV. Akkreditatsiya muddatini uzaytirish

16. Akkreditatsiya muddati tugagan jurnalistning akkreditatsiyasi uzaytirilishi mumkin.

Bunda OAV tahririyati jurnalistning akkreditatsiya muddati tugashidan kamida o‘n kun oldin Qonunchilik palatasiga yangi muddatga akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi buyurtmanomani taqdim etadi.

17. Quyidagi hollarda akkreditatsiya muddatini uzaytirish rad etilishi mumkin:

buyurtmanoma mazkur Tartib talablariga mos bo‘lmaganda;

jurnalisti akkreditatsiya qilingan OAV tahririyati keyinchalik o‘z yo‘nalishini (ixtisosligi) o‘zgartirgan va parlament faoliyatini yoritish bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalarnigina yoritayotgan bo‘lsa;

akkreditatsiya qilingan jurnalist akkreditatsiya muddati tugagunga qadar Qonunchilik palatasining faoliyatini yoritish bilan shug‘ullanmagan taqdirda.

18. Akkreditatsiya muddati uzaytirilgan taqdirda jurnalistga ushbu Tartibning 9-bandiga muvofiq «Akkreditatsiya guvohnomasi» beriladi.

 

V. Bir martalik akkreditatsiya qilish

19. Qonunchilik palatasi tomonidan o‘tkaziladigan muhim tadbirlarni, shu jumladan xalqaro tadbirlarni kengroq yoritish uchun boshqa jurnalistlar ham ishtirok etishi kerak bo‘lgan hollarda jurnalistlar Qonunchilik palatasi huzurida bir martalik akkreditatsiya qilinishi mumkin.

20. Jurnalistlarni bir martalik akkreditatsiya qilish Matbuot xizmatining OAV tahririyatlariga yo‘llagan taklifiga asosan amalga oshiriladi.

OAV tahririyatlari jurnalistni bir martalik akkreditatsiya qilish uchun OAVning to‘liq nomi, manzili, telefon raqami, elektron manzili, akkreditatsiya qilinadigan jurnalistlarning familiyasi, ismi, otasining ismi, telefon raqamiga doir ma’lumotlarni Matbuot xizmatiga yozma yoki elektron shaklda, tahririyat rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan imzolangan holda taqdim etadi.

21. Bir martalik akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar Matbuot xizmati rahbari tasdiqlaydigan ro‘yxat asosida Qonunchilik palatasi binosiga kiritiladi.

 

VI. Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar

22. Qonunchilik palatasida o‘tkaziladigan tadbirlarda akkreditatsiya qilingan jurnalistlar bilan birga texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ishtirok etishi mumkin.

23. Akkreditatsiya qilinadigan jurnalistlar bilan birga jalb etiladigan texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga doir ma’lumot OAV tahririyati tomonidan ushbu Tartibning 2-ilovasiga asosan taqdim etiladigan buyurtmanomada ko‘rsatiladi.

Qonunchilik palatasida o‘tkaziladigan tadbirlarda texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bir martalik akkreditatsiya qilinadigan jurnalist bilan birga jalb etiladigan hollarda OAV tahririyati ushbu xodimlarning familiyasi, ismi, otasining ismi, telefon raqamiga doir ma’lumotlarni Matbuot xizmatiga yozma yoki elektron shaklda, tahririyat rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan imzolangan holda taqdim etadi.

24. Bir yil muddatga akkreditatsiya qilingan jurnalistlarga biriktirilgan texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga ushbu Tartibning
4-ilovasiga muvofiq shakldagi amal qilish muddati bir yil bo‘lgan guvohnoma beriladi.

Guvohnoma Qonunchilik palatasi Devonining Tashkiliy ishlar
va kadrlar bo‘limi tomonidan tayyorlanadi.

Guvohnoma Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati rahbari tomonidan imzolanadi va unga Qonunchilik palatasi muhri qo‘yiladi.

25. Bir martalik akkreditatsiya qilingan jurnalistlarga biriktirilgan texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar Matbuot xizmati rahbari tasdiqlaydigan ro‘yxat asosida Qonunchilik palatasi binosiga kiritiladi.

 

VII. Yakunlovchi qoidalar

 

26. «Akkreditatsiya guvohnomasi», texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga berilgan guvohnoma yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan hollarda OAV tahririyatining murojaatiga asosan guvohnomaning dublikati beriladi.

27. Matbuot xizmati akkreditatsiya qilingan jurnalistlarga ularning Qonunchilik palatasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritish bilan bog‘liq faoliyatiga uslubiy va maslahat jihatdan yordam ko‘rsatadi, jurnalistlarga hamda texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga Qonunchilik palatasi binosida tegishli shart-sharoitlar yaratilishi hamda jurnalistlarni ushbu Tartibga rioya etishlari uchun mas’ul hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmatiga

 

 

_____________________________________ning vakillarini

                                                            (OAV nomi)

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzurida akkreditatsiya qilish uchun

BUYURTMANOMA

 

OAV ning to‘liq nomi va turi ……
OAV ning ixtisoslashuvi ……
Ommaviy axborotning tarqatish shakli  …..
OAV tahririyati joylashgan pochta manzili, indeksi ……
OAV chiqishlarining davriyligi ……
OAV ning internetdagi veb-sayti …..
OAV ning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari …..
OAV tahririyatining telefon va faks raqamlari, elektron pochta manzili ……

 

Akkreditatsiya qilinadigan OAV jurnalistlari, guvohnoma beriladigan texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar to‘g‘risida ma’lumotlar

Familiyasi, ismi,

sharifi

Lavozimi

Pasport ma’lumotlari

(seriyasi, raqami,

tug‘ilgan joyi va sanasi, doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan manzili)

Telefon raqami, elektron pochta manzili, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari

 

_______________                 _______________                 _______________

     (lavozimi)                                      (imzo)                          (ismi-sharifi)

 

Ijrochining FIO va telefon raqami