Ulug‘ mutafakkir, shoir hazrat Alisher Navoiy haqida so‘z borganda, ko‘pchilikning yodiga u zotning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan hissasi, ijodiy va ilmiy merosi, o‘zbek adabiyotida tutgan mavqeyi xususidagi qator ma’lumotlar keladi. Biroq, shoir faqat ijod bilan shug‘ullanibgina qolmay, o‘z davrining yetuk mulozimlaridan biri, atoqli davlat va jamoat arbobi ham bo‘lgan. Bugun biz o‘zbek adabiyoti va adabiy tiliga asos solgan Navoiyning shaxsiyati va rahbar sifatidagi boshqalarga o‘rnak bo‘lishga munosib fazilatlari borasida so‘z yuritmoqchimiz.
Shoirning otasi G‘iyosiddin Kichkina temuriylar saltanatining sodiq mulozimlaridan, onasi ham shu xonadon xizmatidagi ayollardan biri edi. Uning o‘zi bu haqda shunday bayon etgandi:
“Otam bu ostonning xokbezi,
Onam ham bu saro bo‘ston kanizi.”
G‘iyosiddin Kichkina oilasi bilan temuriylar xonadoni o‘rtasida ilgari zamonlardan ko‘kaldoshlik, ya’ni emikdoshlik bo‘lgan. 1469-yil Navoiyning yaqin do‘sti temuriy shahzoda Husayn Boyqaro Hirotni egallaydi va Xuroson hukmdori bo‘ladi. Shu vaqtdan e’tiboran Alisherning hayoti yangi bosqichga yuz tutib, u mamlakatning siyosiy hayotida faol ishtirok eta boshlaydi. Shu yili Xuroson hukmdori uni davlat muhrdori etib tayinlaydi. 1472-yili esa vazir lavozimiga ko‘taradi. Navoiy hayotining e’tirofga loyiq jihati shundaki, shoir vazirlik faoliyatida do‘sti nomidan foydalanib, shaxsiy manfaatga erishish, shon-shuhrat orttirish, boylik to‘plash yo‘lida foydalanmadi. U egallab turgan mansabi orqali mamlakatning madaniy va ilmiy taraqqiyotini yuksaltirish, xalq turmush sharoitini yaxshilashni o‘ziga maqsad qilib qo‘ydi.
Navoiy avvalo, butun kuchini yurtda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga qaratdi. Sulton Husayn Boyqaro podshohlik qilgan, hazrat Navoiy esa hukumatda bosh vazir vazifasini egallab turgan davrda hech bir mamlakatga qarshi bosqinchilik urushi olib borilmadi. Shoir vaqf ishlarini tartibga soldi. Shuningdek, savdo-sotiq, hunarmandchilikni rivojlantirish, qishloqlarda dehqonchilik madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat qaratdi va bunga erishdi. O‘sha davrda shaharlar, xususan, Hirot kun sayin obod bo‘la boshladi.
Tarixchi Xondamirning qaydiga ko‘ra shular ma’lumki, 1480-yillar davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir nechta madrasa, 40 ta rabot, 17 ta masjid, 10 ta хоnaqoh, 9 tadan hammom va ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurdirgan yoki ta’mirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi “Ixlosiya”, “Nizomiya” madrasalari, “Xalosiya” xonaqohi, “Shifoiya” tibgohi, Маrvdagi “Хusrafiya” madrasasi, Маshhaddagi “Dorul-huffoz” xayriya binosini alohida ta’kidlash mumkin. Shuningdek, shoir tomonidan Hirotning Injil anhori bo‘yida 0,25 sotixlik (30 jerib) hovli qurdirilgan. U yerda 100 kishiga dasturxon yozish imkoni bor edi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, shoir Hirotda va butun Xuroson mamlakatida barpo ettirgan inshootlar soni 300 dan ortiq bo‘lgani ma’lum.
Insonparvar vazir o‘rta asr uyg‘onish davrining boshqa ulug‘ zotlari qatorida haqiqiy inson qanday bo‘lishi lozimligini butun hayoti davomida ko‘rsata oldi va nafaqat o‘z davri uchun, balki bugungi avlodlarga ham o‘rnak bo‘larli darajada amallar qildi. U nohaqlik, adolatsizlikka qarshi kurashdi va amaldorlarning o‘z vazifalarini suiste’mol qilishlari va ta’magirliklarini fosh etdi. Aholining yordamga muhtoj qatlamini o‘z himoyasiga oldi. Siyosiy masalalarni hal qilishda ham insoniy tamoyillarga suyandi. Jamiyatda barcha ijtimoiy qatlam va qavmlarga birdek munosabatda bo‘lish g‘oyasini ilgari surdi hamda bu yo‘lda qolganlarni o‘ziga ergashtira oldi. Navoiyning tashabbusi bilan hammaga teng xizmat qiladigan binolar qurila boshlandi.
Husayn Boyqaroning davlat xazinasidagi xarajatlari ko‘payib ketgan paytda oddiy xalqqa qo‘shimcha soliq solinishini oldini olish maqsadida Alisher Navoiy o‘z hisobidan 25 000 dinor pulni to‘lab yuborgani ham uning xalqparvar zot ekanligidan dalolat beradi. Boshqacha aytganda, u rahbar sifatida xalqining turmush darajasidan voqif bo‘lgan.
Navoiy otasidan qolgan merosni uddaburon tadbirkor sifatida sarflab, tez orada katta mablag‘ga erishgan va bu boylikni yuqorida ta’kidlaganimizdek, xayrli amallarga sarflagan. Eng gavjum bozorlarda Navoiyga tegishli savdo rastalari ham bo‘lgan. Diqqatga molik jihati shundaki, bu rastalarda tosh-tarozilarning to‘g‘riligi, xaridor haqiga xiyonat qilinmayotgani, sotilayotgan mahsulotlar ustiga sarflangan mablag‘dan ortiqcha pul qo‘yilmayotganini shaxsan shoirning o‘zi nazoratga olgan.
Shoir butun ijodiy faoliyatini insoniyatning baxti uchun kurashga, xalqning osoyishtaligi, obodonchilik ishlariga, san’at va adabiyot rivojiga bag‘ishladi. U doim adolatga tayangan mamlakat barpo etishni orzu qildi. Uning bu yuksak niyati garchand to‘liq amalga oshmasa-da, ezgulik yo‘lidagi amallari asrlar osha madh etib kelinmoqda. Shoirning yuksak fazilatlarga limmo-lim asliyati o‘zining o‘lmas asarlarida yaqqol namoyon bo‘ladi. U qalami orqali tabiat va jamiyat qonunlariga shaxsiy munosabatini bildirgan. Shoir asarlaridan birida:
“Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q. Dar kimda bu ikki yo‘q – imon yo‘q va har kimda imon yo‘q – andin odamiylik kelmak imkoni yo‘q”, – deb yozgan edi. Navoiy insoniy sifatlar bir-biri bilan naqadar uzviy bog‘liqligini ta’kidlab, iymoni bor insonda boshqa hislatlar kamol topishiga urg‘u bergan. Chin insoniy fazilat egasigina yaxshiliklar qilishga qodirligiga to‘xtalgan.
Alisher Navoiy biz yuqorida tilga olgan amallari bilan xalq orasida hurmat qozongan bo‘lsa-da, qora niyatli amaldorlarning ko‘p tazyiq va fitnalariga uchradi. Shunga qaramay u, o‘zi tanlagan haq yo‘lida ildam odimladi. Ana shu jihatlari uchun ham shoir ijodi va hayot yo‘li umrboqiylikka yuz tutdi. Uning siymosi hamda ijodini Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi olimlar va davlat arboblari o‘z asarlarida tilga olishdi.
Jumladan, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z asari “Boburnoma”da Navoiy shaxsiyatiga ijobiy sifatlar bilan to‘xtalgan. Mamlakatimizda shoirning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda yanada keng targ‘ib qilish hamda хоtirasini abadiylashtirish borasida qilingan va amalga oshirilib kelinayotgan ishlar ham bisyor.
O.Sharafiddinov, V.Mahmud, Oybek, Y.Gʻulomov, I.Sulton, A.Zohidov, V.Abdullayev, A.Qayumov, S.Gʻaniyeva va boshqa oʻzbek olimlari tomonidan Navoiyning hayot yoʻli haqida asarlar yaratilgan.
Jahonga mashhur bobomiz Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida dunyodan ko‘z yumdi. U zotni dafn etish marosimida yomg‘ir shivalab turgani tarixchi Xondamir tomonidan quyidagicha ta’sirli holda ta’riflangan:
“Hatto tabiat ham motam tutdi”.
Biz esa doim ulug‘ bobomizni qalbimizda iftixor va yuksak hurmat ila yodga olamiz.
Shahriyor Mansurov
Qurilish vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Neʼmat Qoʻziboyev chizgan surat, “Alisher Navoiy va Sulton Husayn Boyqaro”. 1968-yil.