BUXORODAGI "PORTLAGAN UY" NOQONUNIY QURILISH BO‘LGAN. OGOHLANTIRISHLAR INOBATGA OLINMAGAN

Qurilish Vazirligi > Yangiliklar > Yangiliklar > BUXORODAGI “PORTLAGAN UY” NOQONUNIY QURILISH BO‘LGAN. OGOHLANTIRISHLAR INOBATGA OLINMAGAN
Fev 6, 2021 Posted by: tested Yangiliklar

Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yil 04 fevral kuni Buxoro shahar, I.Karimov ko‘chasi yo‘l yoqasida joylashgan 9 qavatdan iborat bo‘lgan uyning 3-qavatidagi xonadonda gazning sizib chiqishi natijasida portlash yuz bergani haqida xabar tarqalgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra portlash natijasida jabr ko‘rgan 12 nafar fuqaroning 6 nafariga uyga javob berilgan. Shifoxonada qolayotgan 5 kishining esa ahvoli qoniqarli va bir bemorning holati esa nisbatan og‘irligicha qolmoqda.

Qurilish vazirligi tomonidan bu borada o‘rganish ishlari olib borilganda, “WHITE GROUP TRADING” MCHJ (rahbari Karomatov Jamshid Jalolovich) tomonidan o‘zboshimchalik bilan mazkur ko‘p qavatli binoning qurilish ishlari boshlangan bo‘lib, bu haqida Qurilish Bosh boshqarmasi va hududiy inspeksiya tomonidan (2019 yil 16 yanvardagi №48- va 49-sonli xatlar bilan Buxoro shahar hokimligi va prokuraturasiga) mahalliy hokimiyat hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonuniy chora ko‘rishi uchun xabardor qilingan. Buxoro shahar hokimining 2019 yil 7 iyuldagi 2894-sonli qarori bilan Buxoro shahrining I.Karimov ko‘chasi 7-uy manzilida joylashgan 12 ta xonadon va 9-uyda joylashgan 12 ta xonadon, shu bilan birga hududdagi savdo do‘konlari egalari bilan tuzilgan kelishuv bitimlari inobatga olinib, 1220 kv.metrda joylashgan yer uchastkasida “WHITE GROUP TRADING” MCHJ ga 1- va 2-qavatlari savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish va yuqori qavatlarida ko‘p xonadonli turar-joy binosi qurilishiga ruxsat berilgan. Mazkur qarorga asosan viloyat Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2020 yil 26 iyulda 1578-sonli arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i tayyorlanib, loyiha tashkiloti “Arkada Arxstroy Servis” XK tomonidan 1-qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish 7-8 qavatli turar joy binosiga loyiha yechimlari ishlab chiqilgan.

Loyiha viloyat shaharsozlik kengashida tasdiqlanmagan va ijobiy ekspertiza xulosasi olinmagan. Shuningdek, Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Shaharsozlik hujjatlarini to‘liq rasmiylashtirmasdan qurilish ishlarini olib borayotganligi uchun inspeksiya xodimlari tomonidan “WHITE GROUP TRADING” MCHJ rahbariga ogohlantirish ham berilgan. Viloyat va shahar hokimliklari hamda prokuratura organlariga bir necha bor noqonuniy qurilish olib borayotgan “WHITE GROUP TRADING” MCHJ ga nisbatan chora ko‘rish uchun (2020 yil 13 iyulda 1029, 1030 va 1031-sonli) xatlar chiqarilgan. Bundan tashqari tasdiqlangan konsepsiya loyihasini buzib, o‘zboshimchalik bilan qavatlar sonini oshirganligi sababli noqonuniy qurilayotgan qurilmani bartaraf qilish uchun Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudiga davo arizalari kiritilgan. Bunda da’vogar sifatida inspeksiyaning bosh mutaxassisi va Buxoro shahar qurilish bo‘limi mutaxassislari ishtirok etgan. Sud tomonidan esa 2020 yil 23 oktabrda 4-2001-2003/928-sonli ishning noqonuniy qurilmani bartaraf qilish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qabul qilingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, hududlarda ruxsatnoma va shaharsozlik hujjatlarisiz qurilayotgan ob’ektlarda buyurmachining texnik, loyihachining mualliflik va pudratchining ichki nazorat tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatmoqda.

 

Qurilish vazirligi

Matbuot xizmati