✅O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining ishchi guruhi hamda Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bilan birga viloyatda qurilayotgan obyektlar o‘rganilganda, ularning 307 tasida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Aniqlangan muammolar yuzasidan hududiy inspeksiya tomonidan ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
▶️1. G‘ijduvon tuman Sardor MFY Sharq ko‘chasida fuqaro A.Hotamov tomonidan G‘ijduvon tuman Tug‘ruq kompleksi hududida shaharsozlik qonunosti hujjatlarini rasmiylashtirmasdan qurilish ishlarini olib borgan. Holat yuzasidan belgilangan tartibda 2022-yil 31-martda viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining “Qurilishni to‘xtatish to‘g‘risi”dagi yozma ko‘rsatmasi berilgan.
▶️2. Kogon shahar hokimining 2020-yil 9-dekabrdagi 557-sonli qarori bilan A.Navoiy MFY Do‘stlik ko‘chasi yoqasidan fuqaro M. Sharipovaga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi qurish uchun 240 m2 yer maydoni ajratilgan.
Ushbu binoning loyiha-smeta hujjatlari “FFV Arxgenproyekt” MCHJ tomonidan ishlab chiqilib, ekspertiza xulosasi olingan. 2021-yil 28-aprelda hududiy inspeksiya tomonidan 436-son bilan ro‘yxatga olingan.
Keyinchalik 2021-yil 19-iyulda 77-sonli oldi-sotdi bayonnomaga asosan fuqaro R. Eshmuratovga sotilgan. Fuqaro R.Eshmuratov tomonidan 240 m2 yer maydonida qurilish ishlari olib borishga ruxsat berilganligiga qaramasdan shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan ajratilgan yer maydoniga tutash bo‘lgan 673 m2 yer maydonida qurilish-montaj ishlari olib borilganligi aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha belgilangan tartibda 2022-yil 15-fevralda hududiy nazorat inspeksiyasining “Qurilishni to‘xtatish to‘g‘risi”dagi yozma ko‘rsatmasi berilgan.
Bundan tashqari 2022-yil 18-fevralda o‘zboshimchalik bilan qurilgan ushbu obyektlarni o‘z hisobidan bartaraf qilish to‘g‘risida ogohlantirish xati berilgan va hududiy nazorat inspeksiya tomonidan 2021-yil 9-avgustdagi Qurilish vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Qo‘shma ko‘rsatmasi”ga asosan Kogon shahar prokuraturasiga 2022-yil 18-fevralda 338/06-sonli xat bilan murojaat qilingan.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 99-moddasi tegishli qismi bilan belgilangan tartibda hujjatlar to‘plami rasmiylashtirilmoqda.
▶️3. Buxoro shahar Gazli shoh ko‘chasi yoqasida fuqaro H.Fayzullayeva o‘ziga tegishli hududda shaharsozlik qonunosti hujjatlarini rasmiylashtirmasdan qurilish ishlarini olib borgan. Holat yuzasidan belgilangan tartibda 2022-yil 6-mayda viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining “Qurilishni to‘xtatish to‘g‘risi”dagi yozma ko‘rsatmasi berilgan.