Dunyo xaritasida bironta shahar yoʻqki, uni daryolar kesib oʻtmagan boʻlsa. Masalan, Parijda Sena, Budapeshtda Dunay, Varshavada Visla, Peterburgda Neva, Toshkentda Anhor alohida koʻrk bagʻishlaydi ularga. Bizning Chortoqda ham ana shunday suv yoʻli bor. U Chortoqsoydir.
Biroq keyingi paytlarda, uning holati havas qiladigan darajada emas edi. Mana endi bu yerda katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari boshlandi. Quruvchilar mehnati bilan soy tuman markazining koʻrkiga aylanadi. Maʼlum qilishlaricha, soyning oʻzani tozalanadi, qirgʻoqlari mustahkamlanadi va obodonlashtiriladi, koʻpriklar taʼmirlanadi. Qisqasi, uning sohillari sayr qiladigan soʻlim maskan qiyofasiga kiradi.
Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Namangan viloyatida yuksak sayyohlik salohiyatiga ega xushmanzara maskanlar va hududlar oz emas. Ularning imkoniyatlaridan oqilona foydalanilsa, iqtisodiyotga ham, aholiga ham katta foyda keladi. Faqat investitsiya yoʻnaltirish, pishiq-puxta va zamonaviy loyihalar asosida ish yuritish lozim. Bu fikrlar purviqor togʻlar etagida joylashgan Nanay qishlogʻiga ham taalluqli.
Hozir Nanayda 130 ga yaqin uy mehmonxonalari, dam olish zonalari, koʻplab milliy taomlar oshxonalari va kempinglar bor.
– Loyihalarning aksariyatini istiqbolli, deb oʻylayman, – fikr bildirdi Yangiqoʻrgʻon tuman qurilish boʻlimi boshligʻi Elyor Ergashev. – Jumladan, tadbirkorlar Aʼzamjon Rahimov, Dilmurod Abdusattorov, Toʻramirza Mirzafarov, Mirgʻolib Abilovning uy mehmonxonalarini qurish, Alisher Usuvaliyevning “Ohu” dam olish maskani negizida basseyn, fitnes-klub, plyaj futboli maydoni va oʻtovlar, kempinglarni barpo etish boʻyicha loyihalari taqdim etildi.