Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va ushbu qaror asosida “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Birgina qurilish-udrat tashkilotlari reytingini oladigan bo‘lsak, endilikda, ularning salohiyati 6 ta guruhdan iborat mezonlar bilan o‘lchanadi va ichiga 71 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi. Salohiyatni aniqlashda tashkilotning malakali mutaxassilari, moliyaviy ko‘rsatkichlari, bajargan ishlarining sifati, ish tajribasi, texnik bazasi, raqobatdoshligi kabi mezonlar inobatga olinadi.
Qurilish-pudrat tashkilotlarining reytingi bilan reyting.mc.uz sayti orqali tanishishingiz mumkin.
QUYIDAGILAR RЕYTINGLARNING ASOSIY VAZIFALARI ETIB BЕLGILANGAN:
– loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda ular reytingini yuritish;
– loyiha va qurilish ishlarida markazlashtirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish bo‘yicha takomillashgan tizimni joriy etish;
– loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga to‘liq rioya etilishiga erishish;
– loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida halol raqobat muhitini shakllantirish orqali pudrat hamda loyiha ishlari bozorini rivojlantirish;
– loyihalash va qurilish sohasida mahoratli ishchi va xizmatchilarni (kadrlarni) tayyorlash, ular malakasini muntazam ravishda oshirib borish orqali loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari salohiyati oshirilishiga erishish;
– loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari soha bo‘yicha dunyodagi nufuzli tashkilotlar reytingida yuqori pog‘onalardan joy olishini ta’minlash.