Qurilishda sifat ta’minlanishi nimalarga bog‘liq? Sohadagi korrupsiyani oldini olishda aynan qaysi jihatlarga e’tibor berish lozim? Shu va shu kabi savollarning javobi bitta. Sohani raqamlashtirish! Prezidentimizning mazkur yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish borasidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash borasida bugun Qurilish vazirligi tomonidan samarali ishlar tashkil etilmoqda.
19 noyabr kuni Qurilish vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda Farg‘ona viloyati Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan “Shaffof qurilish” Milliy axborot tizimidagi “Qurilishdagi nazorat” quyi tizimidan foydalanish” mavzusidagi amaliy seminarda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari D.Xodjiahmedov, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasidan mas’ul mutaxassis X.Maxmudov, Farg‘ona viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i A.G‘aniyev, Farg‘ona viloyati Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘i S.Zakirovlar so‘zga chiqib, elektron tizimdan kutilayotgan natijalar haqida ma’lumotlar berishdi.
Tadbirda tizimdan samarali ishlashni o‘rganish va hududda ushbu tizimni 2020 yil yakunigacha to‘liq amaliyotga tatbiq etish maqsadida hududiy nazorat inspeksiyasining qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat va buyurtmachilar bilan ishlash hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘limlaridan mutaxassis xodimlar qatnashishdi.
Ma’lumot o‘rnida:
Hozirda Farg‘ona viloyati Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan 608 qurilish obyekti “Qurilishdagi nazorat” tizimiga kiritilib, inspektorlar tomonidan nazorat ishlari bir vaqtda an’anaviy tarzda va tizim orqali test tariqasida amalga oshirilmoqda. Inspeksiya tomonidan 19 planshet xarid qilinib, nazorat ishlariga 19 planshet inspektor jalb etilgan.
O‘tkazilgan mazkur o‘quv-amaliy seminarda qurilish obyektlarini tizimga kiritish, tizim orqali nazorat ishlarini olib borish va tizimda hisobotlarni shakllantirish mavzulari keng yoritildi.
Vazirlik huzuridagi Qurilishda nazorat inspeksiyasi mas’ul mutaxassislari Farg‘ona viloyati hududiy inspeksiyasi inspektorlari bilan birgalikda viloyatdagi qurilish obyektlarida tizimdan foydalanish amaliyotini o‘tkazishdi. Shuningdek, Buyurtmachilar bilan ishlash bo‘limi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha mutaxassislar tizimga ro‘yxatdan o‘tgan obyektlarni kiritish, buyurtmachilarning texnik nazorati, loyihachilarning mualliflik nazorati va pudratchilarning ichki nazorati xodimlariga shaxsiy kabinetlar ochish amaliyotini o‘tkazishdi.
O‘z navbatida seminar ishtirokchilari tizimdan foydalanish amaliyotini yil yakuniga qadar hududiy nazorat inspeksiyasiga to‘liq ravishda tatbiq etishadi.
Qurilish vazirligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari va hududiy nazorat inspeksiyalari birgalikda Qurilishdagi nazorat elektron tizimidan foydalanish bo‘yicha o‘quv seminarlarini respublikamizning boshqa hududlarida ham o‘tkazishmoqda.