13 fevral kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli turar joylar o‘rtasida olib borilayotgan barcha qurilishlarni to‘xtatish hamda bunday qurilishlarga ruxsat berish bilan bog‘liq qarorlarni bekor qilish yuzasidan topshiriq berdi. Poydevor uchun qazilgan kotlovanlar barchasi ko‘mib tashlanadi, qurilishi yakunlanish bosqichida bo‘lgan inshootlarning har birining qonuniyligi bo‘yicha shahar prokuraturasi o‘rganish olib boradi. Barcha hududlarda buzib tashlangan bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi, qurilish egalari kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan manzarali daraxt ekishi ta’minlanadi. To‘xtatilgan qurilishlar o‘rniga tadbirkorlarga bino qurish uchun boshqa joydan yer maydoni taklif etiladi.
Moturidiy ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi katta ariq ustida insho etilgan ob’ektlar olib tashlanib, suv qirg‘og‘i bo‘ylab velosiped minish hamda sayr qilish uchun ekoyo‘lak tashkil etiladigan bo‘lgan.