🏗Oʻzbek geologlarining, sohaga ixtisoslashgan oʻz oliy oʻquv yurtini tashkil etish toʻgʻrisidagi qariyb bir asrlik orzu-istaklari Prezidentimizning 2020-yildagi “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan roʻyobga chiqdi. 2020-2021-yilgi oʻquv yilidan eʼtiboran poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida qurilishi davom etayotgan salobatli va koʻrkam taʼlim maskani boʻlajak geolog talabalarni qabul qildi.
✅Bugun ilk qaldirgʻochlarga taʼlim berayotgan universitetning qurilishi va tugallangan binolarning tashqi koʻrinishi har kimga qiziqish uygʻotishi tabiiy. Rekonstruksiya ishlari ikki bosqichda davom ettirilib, ayrim bloklar toʻla tugatildi. Dastlabki bosqichda qurilgan 4 ta yetti qavatli, 2 ta toʻrt qavatli va bitta besh qavatli binolarning 2 tasida oʻquv jarayonlari olib borilayotgan boʻlsa, inshootlarning 2 tasida yotoqxona va bittasida Geologiya muzeyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
▶️Shuningdek, mazkur bosqichdagi rekonstruksiya ishlarining yakunida kutubxona va oʻquv laboratoriya binolari barpo etildi.
– Universitetning ikkinchi bosqichida hozircha uchta bino qurilishi moʻljallangan, – dedi qurilish hududi boshligʻi Anvar Bobojonov. – Ushbu binolarning ikkitasi 7 qavatli va bittasi 5 qavatdan iborat boʻladi. Oʻrta Osiyodagi eng yirik geologiya universitetlaridan biri boʻlishi kutilayotgan oliy oʻquv yurtining rekonstruksiya ishlari qizgʻin davom etmoqda. Joriy yilning oxiriga qadar qurilish toʻla tugatilib, yangi binolar universitet ixtiyoriga topshiriladi.