🗺Qashqadaryo viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan viloyat hududida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qurilayotgan noqonuniy obyektlarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha navbatdagi monitoring oʻtkazildi.
Monitoring davomida Qarshi shahri “Tabassum” MFY hududida buyurtmachi-pudratchi tashkilot “Akbar Alyans Nur”MCHJ tomonidan 7 qavatli turar-joy binosi qurilishi noqonuniy ravishda amalga oshirilayotganligi aniqlandi. Shuningdek, obyekt qurilishida MCHJ tomonidan qator qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Jumladan:
– obyekt uchun ishlangan loyiha-smeta hujjatlari viloyat Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Shaharsozlik kengashida koʻrib chiqilmagan;
– loyiha-smeta hujjatlariga ekspertiza tashkilotining yigʻma ijobiy ekspertiza xulosasi olinmagan;
– obyekt qurilishi hududiy nazorat inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtkazilmagan.
💬 Inspeksiya mutaxassislari tomonidan “Akbar Alyans Nur” MCHJ rahbariyatiga obyekt qurilishi uchun ruxsat beruvchi shaharsozlik hujjatlarini toʻliq rasmiylashtirib, uni inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha talabnoma berildi va kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar qurilish-montaj ishlari toʻxtatildi.