Jamiyat rivojining boshlaridayoq Maks Veber protestantlarning qadriyatlari va bir-biriga bo‘lgan munosabati bizni hozirgi zamonaviy G‘arb kapitalizmiga yetaklab kelganini ko‘rsatib bergan. Yuz yil o‘tib, ijtimoiy kapitalni faol tadqiq etish boshlangan zamonlarda, ba’zi bir hududlar iqtisodiy tanazzuldan, mubolag‘asiz aytganda faqat muloqot va o‘ziga bo‘lgan ishonch tufayligina saqlanib qolishi mumkinligi oydinlashdi.
Janubiy Indiana universiteti olimlari Metyu Xanka va Trent Engbers 2017-yilda ijtimoiy kapital hududlar darajasida qanday ishlashi va uy-xo‘jaligining individual daromadiga qay tarzda ta’sir etishini o‘rganishga qaror qilishdi. Bu xususda ular Journal of Public and Nonprofit Affairs jurnalida Social Capital and Economic Development: A Neighborhood Perspective (Ijtimoiy kapital va iqtisodiy rivojlanish: Hududiy istiqbol) nomli maqola chop etishdi.
Xanka va Engbers Evansvil shaharchasining 3 ta tumani (kambag‘allar tumani Glenvud, o‘rtamiyona Maurt Obern hamda iqtisodiy o‘ziga to‘q bo‘lgan Dekster)ni o‘rganish uchun misol qilib olishgan. Ular har bir tumanda xonadonlar orasida hamda pochta orqali aralash so‘rovnoma o‘tkazdilar. O‘tkazilgan so‘rov orqali qiziqarli natijalarga erishishdi. Ular hududiy va yakka tartibda ham ijtimoiy kapital iqtisodiy muvaffaqqiyatga ta’sir qilishini aniqlashdi. Shuningdek, ta’lim darajasi, jinsi va hududi moslashgandan keyin ham atrofdagilarga ishonadigan va ko‘pincha jamoat tashkilotlarida ko‘ngilli bo‘lib faoliyat ko‘rsatadigan kam ta’minlangan shahar aholisi yuqori daromadli toifaga kirish uchun katta imkoniyatlarga ega ekanligi ma’lum bo’ldi. O‘rta daromadli qatlam uchun esa hududda mustahkam o‘rnashish muhim rol o‘ynagan. Yuqori daromad oluvchi toifasidagilar uchun qo‘ni-qo‘shnilarni eslab qolish muhim hisoblangan.
Bu yerda ijtimoiy kapital uy-xo‘jaligining iqtisodiy ta’minotiga ta’sir etishi muhim hisoblanibgina qolmay, balki turli qatlam toifalariga ijtimoiy kapitalning turli tarkibiy jabhalari ham ta’sir ko‘rsatishi muhim rol o‘ynaydi. Turmush darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, uning fonida ijtimoiy kapitalning murakkab tuzilmalari turadi. Aslida esa mualliflar tomonidan taklif qilingan modelning ijtimoiy kapital sifatlariga asoslanib, jamiyat farovonligini tahmin qilishimiz mumkinligini ko‘rsatadi. Bilvosita bu ko‘rsatkichlar orqali ijtimoiy kapitalning turli tarkibiy qismlariga investitsiyalarning ijobiy iqtisodiy ta’sirini ehtiyotkorlik bilan tahmin qilish mumkin.
Bu kabi ishlar shaharlarda nimalarni qo‘ldan boy berayotganimizni aniq ochib beradi. Ko‘ngillilik, ijtimoiy integratsiyalashuv dasturlari va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari, uchinchi sektorda ishtirok etish – bularning barchasi ijtimoiy kapitalning rivojlanish yo‘llari hisoblanadi. Biroq bizning shaharda qoidaga binoan bu faoliyat yo‘nalishlari yoshlar siyosati yoki sport kabi kam moliyalashtiriladigan hamda unchalik mashhur bo‘lmagan tarmoqlar qatoriga tushib qolgan. Asosiy urg‘u “real iqtisod”ga beriladi, biroq ijtimoiy kapitalning sust rivojlanganligi sababli bu unchalik yaxshi amalga oshmaydi. Biz shunchaki iqtisodiy o‘sishning 60 foizidan ortig‘i ijtimoiy kapital hisobiga ta’minlanishini hisobga olmaymiz. Shuning uchun o‘zimizning siyosatimizni uning atrofiga qurmaymiz (ya’ni o‘z qarashlarimizda ijtimoiy kapitalni nazarda tutmaymiz). Afsuski, bu jarayonni allaqanday jiddiy bo‘lmagan jabha deb bilamiz.