❗️“Konstitutsiya-mening taqdirimda” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda
Andijon viloyati Buloqboshi tumanida hududdagi 31 ta MFYlarning raislari, yoshlar yetakchilari va mahallalarning xotin-qizlar faollari ishtirokida “Konstitutsiya-mening taqdirimda” nomli tadbir tashkil etildi. Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdilar. Yig‘ilganlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasidagi muhim jihatlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Jumladan, uning 1-moddasidayoq O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb eʼlon qilinayotgani, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortayotgani, shuningdek, o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingani, yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanayotgani alohida ta’kidlandi.
? Avvalambor yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” , deb o‘zgartirishni, ya’ni eng avvalo, inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan, – dedi vazirlik mas’uli.
Tadbir davomida qatnashchilar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Mazkur yo‘nalishdagi navbatdagi tadbir tuman Tibbiyot birlashmasida ham tashkil etildi. Unda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning tibbiyot sohasiga oid norma va moddalari tushuntirildi. Xususan, aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgani, ularning salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobarga ko‘paytirilgani “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, unda 20 turdagi kasallik bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olingani, ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar 64 tadan 90 taga oshirilishi belgilangani aytildi.
*️⃣ Keyingi tadbir tumanning “Shirmonbuloq” MFYdagi Madaniyat uyida o‘tkazilib, unda ham ishtirokchilarga ayni mavzudagi muhim jihatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Bunday targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.