🏘 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva fuqarolarning murojaatiga asosan Shayxontohur tumani Labzak dahasida bo‘ldi.
Avval xabar berganimizdek, mazkur dahadagi 1-a uyning yerto’la qismi tadbirkor tomonidan noqonuniy ravishda buzilgan. Bunda binoning asosiy tayanch devorlariga ham shikast yetkazilgan. Shuningdek, loyiha hujjatlaridan chetga chiqqan holda kommunikatsiya tarmoqlari joylashuvi ham o‘zgartirilgan.
📝 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga qaramay, ikki oy muddat davomida kirish yo‘lagi loyiha asosida joyiga qaytarilmagan. Tadbirkor va mulk egalari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sababli, qayta tiklash ishlari to‘xtab qolgan.
Vazir o‘rinbosari tomonidan voqeaga huquqiy baho berish maqsadida tegishli tashkilotlar, xususan, prokuratura hamda inspeksiya mas’ullari chaqirtirildi. Aholi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalardan so‘ng tadbirkor prokuratura va inspeksiya nazorati ostida bino yerto‘la qismini loyiha asosida o‘z holiga qatarishi, bunda barcha sarf-xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi belgilandi.
Ozoda Jo‘rayeva aholi bilan suhbatda bo‘lib, ularning sohaga oid boshqa murojaatlarini ham qabul qildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkiloti yuzasidan fuqarolarning fikri tinglandi.
– Sizning huquqlaringizni bizning himoyamizda. Qanday muammo bo‘lsa bizga murojaat qiling. Noqonuniy xatti-harakatlarga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi,- dedi Ozoda Jo‘rayeva.