✔️ Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov, vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi vakillari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida bo‘lib, ko‘p qavatli uylar holati, sohaga doir muammolarni o‘rganmoqdalar. Jarayonga viloyat uy-joy fondiga mas’ul tashkilot va idoralar vakillari ham jalb qilinib, maxsus ishchi guruh shakllantirildi.
Hozirgi vaqtga qadar mutasaddilar tomonidan Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shaharchasi hamda Tovoqsoy qo‘rg‘onidagi mavjud ko‘p qavatli uylar holati o‘rganildi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan dastur ishlab chiqiladigan bo‘ldi.
🟪 Tumanda jami 205 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Ta’kidlash lozimki, uy-joy fondi sohasida muammolar yetarlicha. Xususan, Bo‘stonliq tumanida faqatgina 2 ta boshqaruv tashkiloti faoliyat yuritib keladi. Aksariyat uylar boshqaruvga ega emas, ya’ni ko‘p yillar davomida qarovsiz qolib ketgan.
Mutasaddilar “Titan maksima” BSK faoliyatini o‘rgandilar. Kompaniyaga ish qamrovini kengaytirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishni tashkil etishda vazirlik tomonidan amaliy yordam berilishi alohida ta’kidlandi. Mazkur ishlar uchun viloyatga vazirlikdan bir necha mas’ullar biriktiriladigan bo‘ldi.
Vazirlik mutasaddilari aholi bilan suhbatlashib, ularning sohaga oid murojaat va takliflarini qabul qildilar. Muammolar tizimli ravishda o‘rganilishi va bartaraf etilishi ta’kidlandi. Tumanda o‘rganish ishlari davom etmoqda.