➖ Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi vakillari Toshkent viloyati Toshkent tumanida ham bo‘lib, mazkur hududdagi ko‘p qavatli uylar holatini o‘rgandilar. Toshkent tumanida 45 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Vazir o‘rinbosari ko‘p qavatli uylardagi umumiy kommunal holatni o‘rgandi. Xususan, uylar atrofining obodligi, kirish yo‘laklari, yerto‘la qismidagi muhandislik tarmoqlari ko‘zdan kechirildi. Mavjud masala va kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, aholi bilan suhbatda bo‘lib, ularning kommunal xizmat ko‘rsatish hamda resurslar bilan ta’minlash sohasidagi muammolari o‘rganildi.
Ozoda Jo‘rayeva va boshqa mutasaddilar tumanda faoliyat yurituvchi boshqaruv tashkilotlari faoliyatini ham o‘rgandi. Aholi uchun zarur, ammo boshqaruv tashkilotlari e’tiboridan chekkada qolayotgan jihatlar qattiq tanqid ostiga olindi. Vazir o‘rinbosari tomonidan BSK vakillariga aholi bilan ishlashdagi professionlligini oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.