“Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK xodimlarining malakasi oshirilmoqda: navbat konstruktor-ekspertlarga.
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 579-sonli qaroriga muvofiq loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek, mutaxassis-kadrlar malakasini muntazam oshirib borishni tashkil etish maqsadida “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK va uning hududiy filiallari ekspertlari maxsus oʻquv kurslariga jalb etilmoqda.
Bunda avval ekspertlarning energiya samaradorlik hamda yongʻin xavfsizligi asoslari boʻyicha malakasi oshirilgan boʻlsa, endigi guruh aʼzolari binolarning konstruktiv yechimlari yuzasidan bilim va koʻnikmalarini oshirmoqdalar.
Oʻquv darslarining nazariy qismini 1-3-may kunlari, amaliy mashgʻulotlarni esa 3-5-may kunlari oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, bunda ekspertlar loyiha hujjatlarida mikroseysmo-rayonlashtirish xaritasiga asosan zilzilaviy koʻrsatkichlarga mos konstruktiv yechimlar tanlangani, binoning funksiyasiga koʻra toʻgʻri modellashtirilgani, mustahkamlik, deformatsiyaga qarshilik, ustuvorlik, zilzilabardoshlik va chidamlilik singari asosiy texnik talablar shartlari bajarilgani yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish jarayonidagi professional metodlar, nyuanslarni yanada chuqurroq oʻrganmoqdalar va oʻz tajribalarini oshirmoqdalar.
Albatta “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” ekspertlarini bosqichma-bosqich davriy malakasini oshirish jarayonidagi ular egallayotgan qoʻshimcha bilim va koʻnikmalar kelajakda binolar konstruktiv yechimlarining meʼyoriy xavfsizlik hamda sifat talablariga muvofiq loyihalashtirilganini aniqlashda, loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan sifatli oʻtkazilishi taʼminlashda va mutaxassislar masʼuliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.