➖ Ishchi guruhning bugungi o‘rganish ishlari Olmaliq shahrida davom etdi. Shaharda jami 676 ko‘p qavatli uy mavjud. Mutasaddilar ko‘p qavatli uylarning holatini ko‘zdan kechirib, undagi bir qator muammolarga guvoh bo‘ldilar. Mazkur uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari faoliyati o‘rganildi.
Shahardagi 37 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi “Injener ramz” boshqaruv tashkiloti tomonidan aholiga xizmat ko‘rsatish sohasidagi kamchiliklar tanqid ostiga olindi. Faoliyati qoniqarsiz deb topilgan boshqaruv tashkilotiga mazkur muammolarni bartaraf etish uchun muddat belgilanib, qat’iy ogohlantirildi. Boshqaruv tashkiloti faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun vazirlikdan mas’ul biriktirildi.
Olmaliq shahrida faoliyat yurituvchi, dastavval uy-joy mulkdorlari shirkati bo‘lgan “Mamlakat ona kelajak” BSK ish faoliyatini ham yaxshi deb bo‘lmaydi. 17 ta uyga xizmat ko‘rsatuvchi BSK obodonlashtirish ishlariga deyarli e’tibor bermagan. Dam olish o‘rindiqlari, bolalar maydonchalari ta’mirtalab holatda. Shuningdek, ushbu qurilmalar xavfsizlik talablariga ham umuman javob bermaydi. Aholi tushumlari 97 foiz bo‘lishiga qaramay, boshqaruv tashkiloti tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan ushbu kamchiliklar ish faoliyati tartibsiz tashkil etilganligini ko‘rsatadi.
Mutasaddilar mazkur kamchiliklarni qisqa vaqt ichida bartaraf etish yo‘llarini muhokama qildilar. Bunda boshqaruv tashkilotlar faoliyatini ko‘rib chiqish, sohada raqobat muhitini yaratish choralarini ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.