🔔 Xabar berib borayotganimizdek, joylarda aholiga yaxshi xizmat ko‘rsata olmayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rnida yurtdoshlarimizning istaklariga ko‘ra yangi boshqaruv servis kompaniyalari ish boshlamoqda. Mana shunday kompaniyalardan biri “Davr servis” nomi bilan Shayxontohur tumanida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ushbu kompaniyada tashkil qilingan ish jarayonlari va yangi qad rostlayotgan BSK binosi bilan yaqindan tanishdi. Hozirda kompaniya 38 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Vazir o‘rinbosari kelajakda shu vaqtgacha ko‘rsatib kelinayotgan 8 ta qo‘shimcha xizmat turlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bugungi kunda kompaniya hududidagi ko‘p qavatli uylar atrofi tozalanib, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga yerto‘lalar shartnoma asosida ajratib berilmoqda. Asosiysi qo‘shimcha xizmat turlaridan tushayotgan mablag‘lar ham uy-joy fondini yaxshilashga yo‘naltirilyapti. Aholi bilan tezkor aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, 24/7 dispetcherlik xizmatlari uzluksiz ishlab turibdi. Qolaversa, qulaylik yaratish maqsadida har bir kirish yo‘lagiga kompaniya haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan. Ozoda Jo‘rayeva yangi ofis binosidan samarali foydalanish bo‘yicha ham o‘z tavsiyalarini berdi.