🔴 Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov tashabbusi bilan koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatuvchi Toshkent shahridagi barcha BSK, shirkat va oʻz-oʻzini boshqaruvchi tashkilotlarning ishchi xodimlari uchun oʻquv-amaliy kurslari tashkil etildi. Unda ishchi xodimlarning malakasini oshirish, ularda sohaga doir zamonaviy ko’nikma va bilimlarni shakllantirish maqsad qilingan.
Ma’lumki, anomal sovuq havo sharoitida aholining eng avvalo tajribali kommunal ximat koʻrsatuvchi mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoji sezilarli ortdi. Bu oʻz-oʻzidan mazkur mutaxassislarning tajribasini oshirish, ularda operativlik va universallikni yanada shakllantirishni taqozo etdi.
🫥 Vazirlik tomonidan tashkil etilgan oʻquv kurslari davomida ishchi xodimlarga tajribali mutaxassislar tomonidan nazariy bilimlar berilib, amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar amaliy koʻnikmalari yuzasidan oʻzaro tajriba almashishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.
🫥 36 soatga moʻljallangan oʻquv mashgʻulotlarida santexniklik, elektr tarmoqlarini montaj qilish, elektr-gaz payvandlash boʻyicha darslar oʻtkazilayotgan boʻlsa, kelgusida yoʻnalishlar koʻlamini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.
Vazirlikning Ta’lim, ilm-fan va innovatsion faoliyatni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi A’zamiddin Qoʻldoshev kurs qatnashchilari bilan suhbatlashib, kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan oʻquv mashgʻulotlari va ularga kiritilishi lozim boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha takliflarni tingladi. Shuningdek, qatnashchilarning o’z faoliyatlarida uchrayotgan muammolari ham o’rganilib, sohani takomillashtiruvchi hujjatlar tayyorlanishida ularning inobatga olinishi yuzasidan keng tushunchalar berildi.
Mazkur oʻquv mashgʻulotlari xarajatlari vazirlik jamgʻarmasi mablagʻlaridan qoplanib, joriy yilda 600 nafardan ortiq ishchi xodimlarning malakasini oshirish rajalashtirilgan. Oʻquv mashgʻulotlarining 1-bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan ishchi xodimlar “Kommunaloʻquv” DUKning maxsus sertifikatiga ega bo’ladi.