⚠️ Ikki tomonning kelishmovchiligi tufayli aholi aziyat chekmasligi kerak…
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva bir necha murojaatlar yuzasidan poytaxtimizning Uchtepa tumani “Nurobod” mahallasida boʻldi. Hududdagi 3,5,1a,11,13,14 sonli uylar 2022-yil iyun oyida aholi roziligi bilan “ADEAS group” BSK boshqaruviga oʻtkazilgan. Mazkur uylarga ilgari xizmat koʻrsatgan shirkatlar esa bundan norozi va BSK faoliyatiga turlicha toʻsqinliklar koʻrsatib kelmoqda.
Shuningdek, fuqaro Rinat Sabitovning ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan murojaati ayni shu shirkat faoliyatidan norozilik boʻyicha boʻlgani inobatga olinib, u istiqomat qiluvchi 15-son uyning kirish yoʻlagi koʻzdan kechirildi. Holat haqiqatdan juda achinarli.
Muhokamalar davomida boshqaruv kompaniyasi hamda shirkat faoliyati qat’iy nazoratga olinishi ta’kidlandi. Xususan, aholining majburiy badal hamda kredit mablagʻlari qaysi ishlarga sarflangani, mulkdorlar noroziligiga sabab boʻlayotgan omillar oʻrganilishi aytildi.
◀️ Odamlar sizning kelishmovchiligingiz tufayli qiynalmasligi lozim. Ularga sifatli xizmat har kuni, har soniyada kerak. Men aholi tanlovini qoʻllab-quvvatlayman va ularga ishonaman. Oʻrganishlar natijasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazamiz, kim loyiq boʻlsa shu qoladi, – dedi vazir oʻrinbosari.
Ikki tashkilotning oʻtgan vaqt davomidagi faoliyati Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan oʻrganiladigan boʻldi.