💭Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva aholi murojaatlariga asosan poytaxtimizning Sergeli tumanida bo‘lib turibdi.
Mamlakatimizda kuzatilgan sovuq ob-havo sharoitida ko‘p qavatli uylarning tom qismidagi yumshoq qoplama( folgoizol) larning muzlab, zararlanishi oqibatida xonadonlarga suv o‘tayotgani bo‘yicha yurtdoshlarimizdan qator murojaatlar kelib tushmoqda. Ayni muammolar vazir o‘rinbosari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Xususan, Sergeli tumani 6-mavze 5-son uyning tom qismi ko‘zdan kechirildi. Mavjud muammolarni, ayniqsa, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.
–Yog‘ingarchilik mavsumida eng birinchi qiladigan ishimiz tomdan chakki o‘tishini oldini olishdir. Bu uyning texnik holatiga ham zarar yetkazadi, – dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Shuningdek, “Young managers” BSK boshqaruvida bo‘lgan uyning yerto‘la qismi ham o‘rganildi. Ozoda Jo‘rayeva aholi muammolari bilan qiziqib, ularning sohani yaxshilashga doir takliflarini ham qabul qildi.
🔹 BSK faoliyatini o‘rganish jarayonida xizmat sifatini yanada yaxshilash, aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash bo‘yicha zarur topshiriq va vazifalar ham belgilandi.
Ma’lumot uchun: “Young managers” BSK 2022-yil faoliyatini boshlagan bo‘lib, tumandagi “O‘zgarish”, “Habibiy”, “Mehrigiyo” MFYlarda joylashgan 94 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatib keladi. Mazkur BSK o‘zini oqlamagan 17 ta shirkat o‘rnida tashkil etilgan. Bugungi kunga qadar kompaniya o‘z mablag‘lari hisobidan jami 1 mlrd 250 mln so‘m investitsiya kiritgan.