⏺Devorning buzilishi uyning zilzilabardoshligini kamaytirishi mumkin.
✍️ Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva poytaxtimizning Yashnobod tumani Tuzel-2 mavzesi “Vatandosh” MFY 12-b uyda istiqomat qiluvchi aholi murojaatlariga asosan o‘rganish ishlarini olib bordi.
Murojaatlarga ko‘ra 9 qavatdan iborat mazkur uyning yerto‘la qismida tadbirkorlar tomonidan noqonuniy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Holat joyida o‘rganilganda, haqiqatan ham ko‘p qavatli uyning yerto‘lasi buzilib yotgani, hatto bino fundamenti o‘zgartirilayotgani aniqlandi. Mazkur noqonuniy qurilmalar bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal sohasida nazorat inspeksiyasining uy-joy fondi va ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha mas’ullari chaqirtirilib, mavjud holatni tezkorlik bilan o‘rganish vazifasi yuklatildi.
Ozoda Jo‘rayeva 12-b uy aholi vakillarining kommunal sohaga oid boshqa muammolarini ham tingladi. Xususan, ular tomonidan uyda issiqlik tizimining yaxshi ishlamasligi bildirildi. Vazir o‘rinbosari poytaxtimizda holati yaxshi bo‘lmagan uylarning ichki tizimini to‘liq almashtirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilganligini ta’kidladi:
– Dalatimiz rahbari tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan bu yil Toshkent shahridagi 1 825 ta ichki tizimi nosoz, muammoli ko‘p kvartirali uyning kommunikatsiya tizimlari to‘liq yangilanishi rejalashtirilgan. Xususan, siz istiqomat qiluvchi hamda mahallangizdagi yana 4 ta uy ushbu ro‘yxatga kiritilgan. Bu bo‘yicha tez kunlarda ta’mirlash ishlari boshlanadi. O‘zaro hamjihatlikda uyingizdagi barcha kommunal muammolarni bartaraf etilishiga erishamiz, – dedi vazir o‘rinbosari.
❗️Ma’lumot uchun, uyning yerto‘la qismidagi qoidabuzarliklar inspeksiya tomonidan o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalariga yana to‘xtalib o‘tamiz.