⚠️Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Habibulla Mirsoatov, Toshkent shahar IIV boshlig‘i o‘rinbosari Ravshan Sultonxo‘jayev Toshkent shahar hokimligi binosida boshqaruv tashkilotlari hamda ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash yuzasidan mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan uchrashdilar. Unda aholi muammolariga tezkor yechim topish, ularning kayfiyatini ko‘tarish maqsadida qulay shart-sharoit yaratish, ko‘p qavatli uylar atrofining obodonlashtirilishiga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, boshqaruvsiz uylarni samarali ishlayotgan boshqaruv tashkilotlariga biriktirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bunda albatta aholi roziligini olish lozimligi ta’kidlandi.
Soha mas’ullari boshqaruv tashkilotlarida mulkdorlarning majburiy badal to‘lovlari tushumlarini ham muhokama qildilar.
– Kommunal sohada aholi roziligiga erishish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki har bir inson qulay sharoitda yashashni xohlaydi. Aholi bilan kommunikativ aloqalarni mustahkamlash shart. Ba’zi boshqaruv tashkilotlarida shu narsaga e’tibor qaratilmayapti,- dedi Ozoda Jo‘rayeva.
🟠 Yig‘ilishdan so‘ng vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, Toshkent shahar IIV boshlig‘i o‘rinbosari Ravshan Sultonxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Murodulla Aliqoriyev poytaxtimizning Chilonzor tumanida bo‘ldilar. Mutasaddilar tumanda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishdilar. Xususan, ko‘p qavatli uylarni energotejamkor texnologiyalar orqali sanatsiya qilish, uylarning yerto‘la, kirish yo‘laklari va tom qismlaridagi ta’mirlash-tiklash ishlari ko‘zdan kechirildi.
Mas’ullar uyma-uy yurib, aholining kayfiyati bilan qiziqdilar.
– Necha yillik muammolarimiz bartaraf etilayotganidan xursandmiz. Uylarimiz butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Boshqaruv tashkilotimiz sohaga doir kamchiliklarimizni eshitib, tezkorlik bilan bartaraf etishyapti. Shunday xayrli ishlar davomli bo‘lishini xohlaymiz, – dedi aholi vakillaridan biri.
Mutasaddilar mazkur ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkiloti vakillariga ish sifatini yanada oshirish, qo‘shimcha servis xizmatlarini ko‘paytirgan holda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.