⛈ Favqulodda holatlar xavfining oldini olish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar – Andijon viloyati
Andijon viloyatida toshqin suvi va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazishni ta’minlash, qor va yer ko‘chki hodisalari zararini kamaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatning 16 ta shahar va tumanlarida “Aholi va hududlarni xavfli gidrometeorologik hodisalar hamda geologik jarayonlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-426-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi raisi A.Aripov tomonidan 2023-yil 31-yanvardagi 14-son bayoniga asosan respublika aholisi va hududlarini toshqin suvlari, sel oqimlari va ko‘chki hodisalari xavfi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Andijon viloyatida:
👉Toshqinga qarshi tezkor shtablar faoliyati yo’lga qo’yildi. Andijon viloyati va uning 16 ta shahar va tumanlarida toshqinga qarshi tezkor shtablar tuzilib, ish faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
👉Kuzatuv nazorat postlari tashkil etildi. Andijon viloyati shahar va tumanlarining toshqin xavfi mavjud hududlarida jami 11 ta kuzatuv-nazorat posti tashkil etilib, aloqa vositalari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, aholi bilan favqulodda holatlar yuz berganida qanday harakatlarni amalga oshirish lozimligi yuzasidan davra suhbatlari o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni o‘rganish davomida qator kamchilik va muammolar ham aniqlandi. Xususan, Qoradaryoning Qo‘rg‘ontepa, Andijon, Izboskan va Baliqchi tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi qismida himoya dambalarining chap va o‘ng qirg‘oq qismlari yemirilganligi hamda daryo o‘zani to‘lganligi sababli 1 093 ta xonadon 3 480 nafar aholiga zarar yetish xavfi mavjudligi aniqlandi. Shu bilan birga viloyatda 61 ta mavjud sel suvlaridan himoya qiluvchi selxonalar Qoradaryo, Tentaksoy, Maylisoy, Shaxrixonsoylarni o‘rganish natijasida aniqlangan kamchiliklar ishchi guruh tomonidan bartaraf etilmoqda.
🔔 Ma’lumot uchun, “Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chishi va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish” bo‘yicha Hukumat komissiyasi majlisining 14-son bayoni bilan Qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov Respublika ishchi guruhining Andijon viloyatiga ma’sul etib belgilangan.