❗️Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosida vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirokida qabul o‘tkazildi. Unda poytaxtimizning Yunusobod, Mirobod, Uchtepa, Mirzo Ulug‘bek tumanlaridan kelgan 10 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarning sohaga doir murojaatlari qabul qilindi.
Xususan, uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar va boshqaruv kompaniyalaridan norozilik, xizmat ko‘rsatuvchi va mulkdor o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar, ko‘p qavatli uylardagi qonunga zid qurilmalar hamda tomdan suv o‘tishi bo‘yicha bildirilgan murojaatlar tinglandi. Vazir o‘rinbosari aksariyat murojaatlar yuzasidan qabulning o‘zidayoq tegishli mas’ullar bilan bog‘lanib, tezkor chora ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berdi. Har bir murojaat yechimi nazorat ostida bo‘lishi ta’kidlandi. Shuningdek, yuridik shaxslarning so‘rovlari bo‘yicha huquqiy tushunchalar berildi. Noqonuniy qurilmalar hamda boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga doir murojaatlarni o‘rganish bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi vakillariga tegishli topshiriqlar berildi.
➖ Boshqaruv tashkilotlarini xalq o‘z xohishi bilan tanlaydi. Uy taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir inson ushbu tanlovga mas’uliyat bilan qarashi lozim. Shundagina sohada raqobat oshadi, xizmat sifati yaxshilanadi,- dedi vazir o‘rinbosari.