1. Vazirlikda vazir (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari (lavozimi bo‘yicha), shuningdek, asosiy faoliyat yo‘nalishlariga mutasaddilik qiluvchi tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari tarkibida hay’at tashkil etiladi. Hay’at a’zolarining soni va shaxsiy tarkibi vazirning taqdimnomasi bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Hay’atga quyidagi vazifalar yuklanadi:
— Vazirlikning Nizomi bilan belgilangan faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
— Vazirlik tizimi xodimlari va rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi hukumati qarorlarida belgilangan o‘zlariga yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni ta’minlash uchun shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha choralarni ko‘rgan holda tizimli asosda tarkibiy hamda hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari hisobotlarini eshitishni tashkil etish;
— Vazirlik faoliyati sohasida hududiy va tarmoq dasturlarini amalga oshirishning borishi natijadorligini har chorakda va tizimli ko‘rib chiqish;
— Joylarda Vazirlik faoliyat sohasining dolzarb masalalarini muhokama qilishni ta’minlagan holda hay’atning kengaytirilgan ko‘chma majlislarini o‘tkazishni tashkil etish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo’yicha tegishli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
— Vazirlik markaziy apparati va uning tizimiga kiruvchi lavozimlar nomenklaturasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
— Vazirlik markaziy apparati nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqish;
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni ta’minlash uchun ijro intizomini mustahkamlash va Vazirlikning rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
3. Hay’at Vazirlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko’rib chiqish huquqiga ega
4. Hay’at majlislariga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshka tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
5. Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda huquqiy vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
6. Hay’at qarorlari vazirning buyruqlari bilan tasdiqlanadi.
7. Vazir va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda vazir yuzaga kelgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, hay’at a’zolari ham Vazirlar Mahkamasiga o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin.
8. Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.