• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

KONSTITUTSIYA- INSON QADRI UCHUN!

Mar 24, 2023 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

? Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni bo‘lib, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi. Har qanday me’yoriy-huquqiy hujjat avvalambor Konstitutsiyaga asoslanadi.

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari – O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Xayrillo Gapparov, Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, vazirlikning tizim tashkilotlari hamda viloyat boshqarmalari vakillari qatnashdilar.

Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimizda shiddat bilan olib borilayotgan islohotlarning bosh huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

? Konstitutsiyamizning birinchi moddasidayoq O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortmoqda. Masalan, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi. Shuningdek, o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda, – dedi Xayrillo Gapparov.

Xususan, yig‘ilishda insonning huquq va erkinliklari, tadbirkorlik va uy-joy daxlsizligi, oila, mehnat munosabatlari, sud-huquq sohasi, ta’lim, tibbiyot, ekologiya, va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar atroflicha tahlil etildi. Ijtimoiy himoya tizimi va fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish samaradorligiga erishish bo‘yicha konstitutsiyaviy islohotlarning bosh zamirida inson qadri turganligi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Ya’ni Konstitutsiya qariyb 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Yig‘ilish so‘ngida vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva so‘z olib, spiker o‘rinbosariga minnatdorlik bildirdi. Yig‘ilish ishtirokchilari xalq taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan Qonunga befarq bo‘lmasdan, referendumda faol ishtirok etishga chaqirildi.