❗️Bugun 27-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligida bo‘lib o‘tgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgarishlarning keng muhokamasiga bag‘ishlandi.
▶️Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov, Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Adilov va boshqalar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgarishlar mazmun-mohiyatiga asosiy e’tibor qaratildi.
🟢Muhokama chog‘ida Sh.Polvonov Konstitutsiyaga tuzatishlar fuqarolarning iqtisodiy huquqlarini, xususiy mulkchilikni, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga qaratilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
📎Shuningdek, unda davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit, shart-sharoitlarni ta’minlashi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanayotgani, yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi mustahkamlanayotganligi misollar asosida tahlil etildi. Ahamiyatli jihati davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillarining ochiqligi, uning ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi nazarda tutilganligidadir.
➡️Aytish joizki, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari hamda qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruriyatini tug‘dirmoqda.
Shundan kelib chiqib, yurtimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etmoqda.
🔴Bu esa o‘z navbatida xalqimiz tomonidan bildirilgan takliflar tahlili mamlakatda amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlarga befarq emasligi hamda fuqarolar islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanib ulgurganligidan dalolatdir.