Telegram tarmog‘idagi Muxbir Daliyev kanalida 2020 yil 25 dekabr kuni e’lon qilingan Andijon shahri, Bo‘ston dahasi, “Mash’al” MFY aholisining murojaati o‘rganilib, quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
Murojaatda mazkur mahallada joylashgan 19-son umumta’lim maktabining sport maydoniga ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilayotgani, maktab hududida uy qurish uchun hisoblash ishlari amalga oshirilayotgani bayon qilingan.
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 28 noyabrdagi PF-5886-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon shahrida ko‘p qavatli monolit uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.
Yuqoridagi qaror asosida Andijon shahar Bo‘ston dahasidagi 19-son umumta’lim maktabi hududiga ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishi bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan takliflar bildirilgan. Biroq, tadbirkorlik sub’ektlarining maktab hududida ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilishi haqidagi takliflariga Qurilish vazirligi tomonidan rad javobi berilgan.
Shuningdek, 19-son umumta’lim maktabi hududida qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun Andijon viloyat qurilish Bosh boshqarmasi hamda Andijon shahar qurilish bo‘limi tomonidan hech qanday ruxsat beruvchi Shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan.
VAZIRLIK MATBUOT XIZMATI