🏘 Bu haqida bugun Qurilish vazirligida Turkiya qurilish industriyasining nufuzli kompaniyalaridan biri — “Optimal Project Management” vakillari bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda so’z bordi.
🔆 Xorijlik mehmonlarni Qurilish vazirining birinchi o’rinbosari Davronjon Adilov, vazir o’rinbosari Jalol Arashov, Ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A’zamiddin Qo‘ldoshev kutib oldi. Shuningdek, uchrashuvda Samarqand davlat arxitektura-qurilish hamda Toshkent arxitektura-qurilish universitetlaridan mutaxassislar ishtirok etdi.
🎙 Muloqot davomida “Optimal Project Management” shirkati bosh menejeri Fikret Azili tomonidan yurtimizda bunyodkorlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar munosib e’tirof etildi. Shu o’rinda mamlakatimiz loyihalash va qurilish sigmentida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar malakasini jahon standartlariga mos tarzda yanada oshirish, ularni xalqaro sertifikatlar egasiga aylantirish borasida takliflar berildi. Ushbu jarayonga quruvchi va me’morlar, mexaniklar, loyihachilar qatori ishchi kasb egalari — g’isht teruvchilardan tortib, suvoqchilar, payvandlovchilargacha jalb etish, bu orqali ularning ish haqini ham oshirishga erishish mumkinligi ta’kidlandi. Xalqaro sertifikatlarga ega mutaxassislarga esa xorijda ham munosib lavozimlarda ishlash va istiqbolli kadr bo’lish imkoni yaratiladi.
🗣”Optimal Project Management” kompaniyasi vakillari Turkiyaning sohadagi yetakchi malaka oshirish va sertifikatlash markazlari bilan o’zaro hamkorlik aloqalarini o’rnatishda hamda ularni ta’kidlangan jarayonga jalb etishda ko’mak berishlarini ma’lum qildilar.
💬 Ma’lumot uchun, 2010-yilda tashkil etilgan va shu kunga qadar ko‘plab nufuzli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgan OPTIMAL PMO o‘zining zamonaviy va tajribali kadrlari, eng muhimi, tajribasi tufayli qurilish sohasining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda. Kompaniya milliy va xalqaro darajadagi uylar, mehmonxonalar, ofislar, savdo markazlari, taʼlim muassasalari, sport inshootlari, tibbiyot va ishlab chiqarish obyektlari loyihalarini tayyorlash, buyurtmachining talablariga muvofiq pudratchi tashkilotni tanlash va qurilish jarayonlarini toʻliq boshqarish bilan shug’ullanadi. Hozirda Turkiyaning o’nta shahrida, shuningdek, Jazoir va Qatarda turli loyihalarni boshqaradi.