Toshkent shahar Olmazor tumani Sag‘bon 30-berk ko‘chasida joylashgan uylar bo‘yicha fuqarolar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali noroziliklar vujudga kelayotganligi sababli Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Mazkur binoning qurilish ishlari uchun yer maydoni Toshkent shahar hokimining 2014-yil 21-oktabrdagi qaroriga asosan “BAURAUM GROUP” MChJga qurilish loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ajratib berilgan.
MChJ tomonidan 4 bosqichdan iborat ko‘p qavatli turar joy binolari qurilishi amalga oshirilgan.
Yerto’lali cherdak qismiga ega yetti qavatli turar-joy binolari qurilishi bo’yicha 1 va 2-bosqich loyihalari Toshkent shahar Arxitektura va shaharsozlik Kengashining 2015-yil 12-iyundagi bayonnomalari hamda “ABAT” MChJning 2016-yil 9-noyabrdagi tasdiqlangan yig‘ma ekspert xulosasiga asosan rasmiylashtirilgan.
Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan “BAURAUM GROUP” MChJga ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilish obektida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun 2015-yil
18-avgustda ruxsatnoma berilgan.
2020-yil 3-iyunda qurilish-montaj ishlarining hajmi ortishi (7 qavatli mansardali 12 va 13-uylarni 8 qavatli mansardali qilib, bir qavat qo’shib loyiha hujjatlari tasdiqlanishi) munosabati bilan Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining 2020-yildagi 27-fevraldagi xulosasi, 2020-yildagi 27-martda “SHAHARSOZLIK HUJJATLARI EKSPERTIZASI” DUK tomonidan berilgan yig’ma ekspert xulosasiga muvofiq ruxsatnomaga aniqlik kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi qaroriga ko‘ra “Qurilishi tugallangan inshootlarni foydalanishga qabul qilish” ShNK 3.01.03-04 (3.01.03-19 yangi tahrir)ga asosan qurilishi tugallangan (3-bosqich) 12 va 13-uylar foydalanishga topshirilishi munosabati bilan 2020-yil 21-oktabrda qurilishi tugallangan inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi inspeksiya tomonidan rasmiylashtirilgan va obyekt foydalanishga topshirilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, inspeksiya ro‘yxatidan o‘tgan qurilish obyektlarida tanlash yo‘li bilan qurilish davriyligida qurilish-montaj jarayonini moliyaviy masalalariga aralashmagan holda loyiha hujjatlarini va uning qatnashchilarini ish yuritishini nazorat qiladi.
Shuningdek, “Qurilish tugallangan bino va inshootlarni qabul qilish” normativ hujjatlarning 1.12. bandiga asosan Davlat qabul qilish hay’ati dalolatnomasi rasmiylashtirilgach, Toshkent shahar Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasining barcha vakolatlari to‘xtatiladi va ko‘p xonadonli imoratlarning kelgusida foydalanilish bo’yicha nazorati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko’p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi vakolatiga o‘tishini ma’lum qiladi.