⚠️ Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistning “Bizda qurilayotgan uylar qanchalik zilzilaga bardoshli, tajribalar oʻtkazilganmi? Necha ballgacha “garantiya” bera olasizlar?”, mazmunidagi savoliga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosarining javobi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Shuni taʼkidlash lozimki, taqdim etilgan videolavhada gap qurilishda javobgar avvalo, buyurtmachi ekanligi xususida bormoqda. Boisi buyurtmachi texnik nazorat boʻyicha mutaxassisni biriktiradi yoki ushbu faoliyat turini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxsni shartnoma asosida jalb qiladi.
🟠Shaharsozlik kodeksining 5-bob, 26-moddasida qurilishni nazorat qilishda funksional majburiyatlar belgilab qoʻyilgan. Bunda shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan qurilishga tayyorgarlik koʻrish va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj, ishga tushirish, sozlash ishlarini bajarish qatʼiy nazorat qilinadi. Shuningdek, obyektni foydalanishga qabul qilib olish davrida shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik norma va qoidalari talablariga rioya etilishi tekshiriladi.
➡️Obyektlarni qurish chogʻida qurilish ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati boʻlishi talab etiladi. Belgilangan qonunchilikka koʻra, bino va inshootlarning zilzilabardoshliligiga taʼsir qiluvchi, shuningdek, fuqaro hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi konstruktiv qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda qurilish-montaj ishlari toʻxtatib qoʻyiladi hamda demontaj ishlarini amalga oshirilishi talab qilinadi.
Agar sifatsiz qurilish materiallari, konstruksiyalar hamda buyumlar qoʻllanilgan boʻlsa, ularni ishlab chiqarishni, realizatsiya qilish hamda qoʻllashni toʻxtatib turish haqida tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar yuboriladi.
Bu jarayonlarda qurilishda nazorat inspeksiyasi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ilmiy-texnik va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ekspertlari ishtirokida davlat nazorati tartibida tekshiruvlar oʻtkaziladi.
📎 Jumladan, obyektdagi ichki nazorat ishlari pudratchi tomonidan kamchiliklarni oʻz vaqtida aniqlash hamda ularni bartaraf etish va oldini olish maqsadida amalga oshirilishini eslatib oʻtmoqchimiz.
Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida qurilish ishlarida sifatga kafolat berish hamda ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda pudratchining javobgarligi ham belgilab qoʻyilgan.
✔️ Shuni alohida taʼkidlash kerakki, loyiha tashkilotlari tomonidan qurilishlar hududning belgilangan seysmik baliga koʻra (7, 8, 9 ) rejalashtirilgan holda loyihalashtiriladi. Ekspertiza organlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarda obyektning loyiha smeta hujjatlari, yigʻma ekspertiza xulosasi (bunda yong’in xavfsizligi va seysmik bardoshliligi inobatga olinishi zarur) olinadi.