📝 “Mana bir yilga qolmasdan qurilgan yangi “novostroyka” larimizning ahvoli, uyning devorlari boʻlinib yotibdi”, sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolavhalar yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
🏠 Mirzo Ulugʻbek tumanining Magʻrur koʻchasidagi 55B-uy 2017-yilda fuqaro B.Zokirov tomonidan oʻzi va oila aʼzolarining yashashi uchun yakka tartibdagi uy-joy sifatida qurilgan va fuqarolarga alohida kvartira sifatida oʻzboshimchalik bilan rekonstruksiya qilingan holda sotilgan. Mazkur holat yuzasidan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2020-yil 17-dekabrdagi 29/12(7526)16.1Z
12952-12956-sonli sud qurilishi-texnika ekspertizasining xulosasida, ushbu uylar “Qurilish ishlab chiqarishni tashkil qilish”, SHNQ 01.03.07-2010-soni, qurilishda mualliflik va texnik nazorat toʻgʻrisidagi nizomi, SHNQ 2.01.08-05 “Turar joy binolari” ning (2) 2.7-bandi, QMQ 2.01.03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” ning 3.5.8-bandi, QMQ 2.04.01-98 “Binolar ichki vodoprovodi va kanalizatsiyasi”, “Turar joy binolari” ning (2) 3.8 bandi, 2.12-bandi, 2.13-bandi, SHNK 2.04.08-96 “Gaz taʼminoti”ning (5) 6.33-bandi talablariga javob bermasligi hamda Magʻrur koʻchasi 55 B-uy binosi seysmik zonada qurilish oʻtkazish talablariga javob bermasligi aniqlanib, mazkur uy hozirgi kunda avariya holatida ekanligi aniqlangan.
‼️ B.Zokirov oʻz manfatlarini koʻzlagan holda fuqarolarni ishonchiga kirib, yakka tartibda foydalanish maqsadida qurilgan turar joy binosini koʻp kvartirali uy-joy sifatida aldov yoʻli bilan fuqarolarga sotganligi sababli, 2022-yil 14-mayda JKning 186-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 168-modda 4-qismi “a” bandi va 229-moddalari bilan ayblov eʼlon qilinib, B.Z. va uning sheriklariga nisbatan “qamoqqa olish tarzidagi” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan va jinoyat ishi boʻyicha ayblov xulosasi tasdiqlanib, 2022-yil 18-mayda JIB Mirzo Ulugʻbek tuman sudiga yuborilgan. Sudning 2022-yil 1-iyuldagi hukmiga koʻra “QUYUN” MCHJ rahbari B. Zokirovga 186-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 168-modda 4-qismi “a” bandi va 229-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 8 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
☑️ Hozirgi kunda fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida sud organi tomonidan kompensatsiya pulini undirish uchun sud jarayonlari davom etmoqda.
Yuqoridagi holatlarning oldini olish maqsadida 2021-yil 22-fevralda “Shaharsozlik kodeksi”ning 23-moddasiga asosan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ikki qavatdan yuqori boʻlgan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan yakka tartibdagi uy-joylarni ekspertiza va qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan roʻyxatga olish tartibi joriy qilingan. Taʼkidlash lozimki, ushbu bino koʻp kvartirali uy-joy sifatida qurilish meʼyor va talablari asosida qurilmagan.
💬 Eslatib oʻtamiz, hozirda ushbu bino vakolatli loyiha institutlari tomonidan oʻrganilmoqda. Natijalar haqida qoʻshimcha axborot taqdim qilinadi.