📌 Soʻnggi vaqtlarda qurilish pudrat tashkilotlarining elektron reyting koʻrsatkichlari, uni baholash mezonlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda ayrim eʼtiroz va munosabatlarga duch kelyapmiz.
Xoʻsh, ushbu reyting nima va u qanday maqsadlar uchun tashkil etilgan? Avvalo qurilish tashkilotlarining reytingi – bu sohadagi yuridik maqomga ega soliq toʻlovchi tashkilotlarning sohaviy malaka tajribasidan kelib chiqishini taʼkidlamoqchi edik. Bunda iqtisodiy-moliyaviy koʻrsatkichlar, texnik imkoniyatlar, ishning sifati, mehnat xavfsizligi, boshqaruv va sifat standartlari hamda kadrlar siyosati kabi omillarga eʼtibor qaratiladi.
🔔 Eslatib oʻtamiz, bunda inson omilining aralashuviga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Bu jarayonlar idoralararo integratsiya qilingan hamda tashkilotlar oʻrtasida interpolyatsiya mezonlariga asoslangan onlayn baholab borish platformasi hisoblanadi. Yanayam aniqroq aytadigan boʻlsak, reytingdagi baholash mezonining baʼzi bandlariga koʻra, qurilish tashkiloti 100% ball toʻplagani bilan boshqa bandlarga koʻra raqiblaridan zaif boʻlishi mumkin. Aytaylik qurilish tashkilotining, soliq, mehnat, moliya va boshqa bir qator yoʻnalishlarda muammolari boʻlgani uchun ballari avtomatik tarzda tushib ketadi. Bu Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining birlamchi baholashiga bogʻliq masala emas. Buni qurilish tashkilotining texnik salohiyati bilan qorishtirib yuborish xato boʻladi. Ball toʻplash jarayoni bir necha tashkilotlarning talabi bilan bogʻliq.
🟢Bu tizimning yana bir qulayligi, odamlar qurilish tashkilotining salohiyatini uning reyting koʻrsatkichlaridan ham bilib oladilar. Bugungi kunda uy-joy qurilishi bozoridagi yirik tashkilotlar “B” toifadagi, yaʼni oʻrta va undan yuqori reytingga egaligini koʻrishimiz mumkin. Darvoqe, reyting joriy etilishi natijasida qurilish sohasidagi davlat xaridlari boʻyicha loyiha va pudrat tashkilotlari oʻzlarining salohiyat koʻrsatkichlarini asoslovchi hujjatlarni yigʻishlariga, buning uchun davlat tashkilotlari va idoralariga murojaat qilishlariga chek qoʻyildi.
⏰ Shu oʻrinda savol tugʻilishi mumkin. Oxirgi yillarda reyting mezonlarida qanday oʻzgarishlar boʻldi? Avvalo baholash mezoni 60 tadan 29 taga kamaytirildi. Deylik, siz avtomobil yoʻllari, ijtimoiy soha obyektlari, muhandislik, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari sohasida qurilish ishlarini bajarayotgan boʻlsangiz, faoliyatingiz toifasiga qarab reyting baliga ega boʻlasiz. Yana bir jihat, har 6 oyda reyting mezonlarini xalqaro, oʻzini oqlagan yoʻnalishlar boʻyicha takomillashtirib boramiz.
Va eng asosiysi “reytingda faqat bitta ishonchli tashkilot mavjud” deyilayotgan munosabatga aytmoqchimizki, qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi 2021-yilning yanvar oyidan boshlab ishga tushgan. Reyting ishga tushgan kundan boshlab hozirgi kungacha pudrat tashkilotlari oʻzlarining reyting koʻrsatgichlariga mos keladigan obyektlarni qurib-bitkazib, foydalanishga topshirib kelishmoqda.