• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

MUNOSABAT

Mar 11, 2023 Posted by: tested Yangiliklar

📌 Daryo.uz internet nashrida “Suv taʼminoti unitar korxonasi oʻtkazgan 85 ta tenderni Qurilish vazirligi korxonalari “yutib ketdi”, — deya eʼlon qilingan munosabatni  Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi diqqat bilan koʻrib chiqdi.

Albatta, tanqid yaxshi. Agar u oʻrinli boʻlsa. Boisi vazirlik OAV va keng jamoatchilikda oʻz sohasiga taalluqli har qanday murojaat va masalaga hamisha xayrihohlik bilan qaraydi, xolis va haqqoniy munosabat bildirishga harakat qiladi. Gap shundaki, maqolada tilga olingan Suv taʼminoti korxonasi faqatgina tender savdolarini tashkil etish boʻyicha konsalting xizmatlari yuzasidan tanlov oʻtkazgan. Ushbu tanlovlarda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida tanlov savdolarini tashkil etish boʻyicha konsalting markazlari ishtirok etgan. Ushbu tanlov savdolari “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq etender.uz elektron platformasi orqali amalga oshirilgan.

Bugungi kunda Respublikamizda qurilish sohasida tanlov tashkilotchisi sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan va tegishli litsenziyaga ega boʻlgan 65 ta yuridik shaxslar faoliyat yuritib kelmoqda.

Maqolada tanlov savdolarida bor yoʻgʻi 2 ta tadbirkorlik subyektining ishtirok etganligi taʼkidlangan. Biroq “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 61-moddasi, uchinchi xatboshisida “agar xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilardan tanlash boʻyicha xarid qilish hujjatlarida koʻrsatilgan talablarga javob beradigan kamida ikkita taklif olingan boʻlsa, tanlash oʻtkazilgan deb hisoblanadi”, – deb koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek, mazkur qonunning 20-moddasida xarid komissiyasining funksiya va vazifalari belgilab berilgan.

Shuni taʼkidlamoqchimizki, mazkur tanlov savdolari etender.uz elektron platformasida ochiq elektron tarzda oʻtkazilgan. Boshqa tanlov tashkilotchisi xizmatini taklif etuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun hech qanday cheklovlar oʻrnatilmagan.

❗️Maʼlumot uchun, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida bugungi kunda hududiy qurilish sohasida tanlov savdolarini tashkil etish markazlari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Ushbu markazlar vazirlik tarkibida alohida yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan va xoʻjalik hisobidagi oʻzini-oʻzi taʼminlovchi tashkilotlar hisoblanadi. Ushbu markazlar tanlov tashkilotchisi xizmatini koʻrsatish boʻyicha oʻtkaziladigan har qanday tanlov savdolarida alohida yuridik shaxs sifatida ishtirok etish huquqiga ega.