• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

MUNOSABAT

Mar 24, 2023 Posted by: tested Yangiliklar

“Sizdan telegram” kanali orqali Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Doʻstlik” MFY hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida bunyod etilayotgan bino va inshootlarda bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining sifatsiz amalga oshirilayotganligi yuzasidan bildirilgan murojaat qurilish va kommunal sohasi mutaxassislari tomonidan oʻrganildi va mavjud holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

– massivdagi barpo etilayotgan turar-joy binolarida issiqlik taʼminoti qurilishi boʻyicha tayinlangan bosh pudratchi “Descovery Invest” MCHJ tomonidan issiqlik tizimi tarmoqlarini tortish maqsadida transheya qazish jarayonida ekskavator haydovchisining eʼtiborsizligi oqibatida turar-joy binolari uchun tortilgan oqova suv tarmogʻining 2 metr plastmassa quvuri yaroqsiz holga kelgan. Bugungi kunda mazkur kamchiliklar bosh pudratchi “Descovery Invest” MCHJ tomonidan bartaraf etilmoqda;

– obyektdagi 5 qavatli 36 xonadonli turar-joy binosi boʻyicha buyurtmachi-pudratchi “Ruxsora Faxriddinovna” MCHJga tegishli 2-3-sonli turar-joy binosida kotlovan qazilib, poydevor uchun beton taglik tekislovchi va gidroizolyatsion qatlam qurilgan boʻlib, bu qurilish binoning poydevori hisoblanmaydi. Kelgusida mazkur turar-joy binosida qurilish-montaj ishlari loyiha talabi asosida bajarilishi nazoratga olindi;

– buyurtmachi-pudratchi “Hamkor biznes koʻp tarmoqli” MCHJga tegishli boʻlgan 5 qavatli 20 xonadonli 1-12-sonli turar-joy binosining yertoʻla qismiga olib tushuvchi zinapoyasining tayanch qismi toʻliq qurilmaganligi, binoning 3 va 4-qavatlaridagi ayrim gʻisht devorlarining bogʻlanishi va terilishida gorizontal hamda vertikal choklar qorishma bilan me’yor talabida toʻldirib terilmaganligi, bino tom yopmasining issiqlik izolyatsiyasi ustidan qoʻyilgan sementli toʻshamaning yuza qismida yoriqlar hosil boʻlganligi kabi kamchiliklar aniqlangan. Ularni belgilangan muddatda bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi hamda ushbu qoʻpol qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan buyurtmachi-pudratchi “Hamkor biznes koʻp tarmoqli” MCHJning masʼuliga nisbatan MJtKning 99-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma tuzildi hamda maʼmuriy jarimaga qaratildi;

– tuman hokimligi tomonidan yangi yil arafasida yoʻllangan ogohlantirish xatlariga toʻxtaladigan boʻlsak, ularning mazmuni uy-joylarning buzilishga tushganligi toʻgʻrisida emas, balki mavjud uy-joy yoki boshqa turdagi qurilishlarga nisbatan obyekt foydalanuvchisida huquqiy hujjatlar mavjud yoki mavjud emasligi oʻrganilayotganligi, shunga koʻra oʻrganish natijalari yakunlangunga qadar qoʻshimcha qurilishlar amalga oshirmaslik xususida boʻlgan;

– MIB tomonidan qoʻllanilgan jarimalarga sabab Kadastr agentligi Koson tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra huquqiy hujjatlari mavjud boʻlmagan, oʻzboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilishlarga nisbatan qoʻllanilgan.

Yuqorida aniqlangan kamchiliklarning esa bartaraf etilishi masʼullar tomonidan toʻliq nazoratga olingan.