2019-yil Islom taraqqiyot banki mablagʻlari asosida “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ Sirdaryo viloyat filiali buyurtmachiligida Oqoltin tumani Yangi davr mahallasi Yoshlar koʻchasida joylashgan 4 qavatli 24 xonadonli uy-joylar bosh pudratchi “ANSEF STORY INVEST” MCHJ tomonidan qurilib, 2020-yilda foydalanishga qabul qilingan. Ushbu uy-joyda yashovchi fuqarolar tomonidan telegram messenjeri orqali yuborilgan murojaatlar bir qator mutasaddi tashkilotlar tomonidan joyiga chiqib oʻrganildi.
Oʻrganish natijasida koʻp qavatli uy-joyning chetki qismi (burchak) tashqi fasad hamda sokol qismlariga kuchli namgarchilik va sovuq oqibatida izolyatsiya va tashqi pardozlariga zarar yetgan. Xususan, tashqi fasad qismida suvoq koʻchishi kuzatilgan. Uy-joyning devorlarida sezilarsiz darajada yoriqlar hosil boʻlgan, ammo binoning konstruktiv elementlariga jiddiy ziyon yetmagan. Obyektning yertoʻla qismida joylashgan kanalizatsiya quvurlari ham soz holatda va hech qanday zarar yetmagani ma’lum bo’ldi.
Shuningdek, ushbu suvoq koʻchishlari joriy ta’mirlanishi va boshqa muammolar bartaraf etilishi uchun mazkur uy-joy tumandagi “Oqoltin ta’mirlash qurilish servis” BSKga biriktirilgan. Biroq fuqarolar tomonidan qonunda belgilangan tartibda majburiy badal toʻlovlari umuman amalga oshirilmagan. Shunga qaramasdan yertoʻlaga toʻplangan sizot suvlari BSK tomonidan bartaraf etildi.