Ijtimoiy tarmoqlar orqali Mirzo Ulug‘bek tumani “Oqibat” mahallasi 45-uy yonida qurilayotgan obyektning loyiha-smeta hujjatlari bilan aholini tanishtirmasdan, ularning roziligini olmasdan qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi, bu esa aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani to‘g‘risidagi videolavha tarqaldi.
Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining masʼul xodimlari joyiga chiqqan holda vaziyatni o‘rganishdi. O‘rganishlar natijasida quyidagilar maʼlum bo‘ldi:
Mirzo Ulug‘bek tumanida qurilayotgan obyekt fuqaro R.Shadimetovga tegishli bo‘lib, 2018-yilda Mirzo Ulug‘bek tumani Qurilish bo‘limi tomonidan o‘z hududida qo‘shimcha ikki qavatli bino qurish uchun ruxsatnoma berilgan.
Ammo fuqaro tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqmasdan, Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi bilan belgilangan tartibda ijobiy xulosa asosida kelishilmasdan hamda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, qurilish-montaj ishlarini olib borilayotgan holati aniqlandi.
Fuqaro R.Shadimetovning obyektda noqonuniy ravishda qurilish ishlari boshlab yuborganligi sababli 2023-yilning 4-aprelida uning huquqbuzarligiga nisbatan Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi masʼul xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilganligini maʼlum qilamiz.