Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Glinka va M.Tarobiy ko‘chalari oralig‘ida joylashgan “Royal Towers” MChJga tegishli qurilish obyektidagi holat bo‘yicha tarqalgan murojaat Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganildi.
Maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 4 aprel kuni chamasi soat 9:00 va 10:00 oralig‘ida qurilish obyektida ishlovchi ishchi U.Zoirov tomonidan beton qoplamalarini yechish vaqtida qo‘lidan bolg‘a chiqib ketib, obyektning himoya to‘rlarini teshib o‘tgan va Yakkasaroy tumani Humo ko‘chasi, 29-uyning shiypon hovlisi tomiga tushgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi inspektori tomonidan qurilish bo‘yicha bosh muhandis D.Axmedovga tushuntirish ishlari olib borildi va nazoratga olindi. Shuningdek, “Royal Towers” MChJ rahbariyati tomonidan ishchi U.Zoirovga ogohlantirish berilib, texnika xavfsizligi qoidalariga doimiy ravishda rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun himoya to‘rlari ustiga qo‘shimcha mayda teshikli to‘rlar o‘rnatish va texnika xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha korxona rahbariyati tomonidan 2023-yil 6-apreldagi 01-04/78-sonli kafolat xati inspeksiyaga taqdim etildi.