Toshkent shahrining Yashnobod tumani Izzat ko’chasida qurilayotgan turar-joy binosi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Buyurtmachi “Aziya Invest favarit” MChJ tomonidan ko’p qavatli turar-joy binosini qurishda murojaatda keltirilgan holat, ya’ni bino balkon qismining yuqori qavatlarida rigel quyilmaganligi masalasi bundan bir qancha muddat avval Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi vakillari tomonidan o’rganilgan. Bunda masalaning yechimi sifatida buyurtmachi va loyiha tashkiloti konstruktori bilan kelishilgan holda ishchi loyihaga o’zgartirish kiritilib, binoning og’irligini kamaytirish maqsadida balkon qismida g’ishtli devorlarni olib tashlash hamda rigel va quyma temir-beton hududlarni kuchaytirish ishlari amalga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur obyektdagi qurilish-montaj ishlari shaharsozlik sohasidagi tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda tashkil etilgan hamda ijobiy ekspertiza xulosasi olingan. Tegishli tartibda Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tilgan va davlat nazorati o’rnatilgan.