Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan 2022-yilning aprel va may oylarida Toshkent shahar hokimligining 2022-yil 29-martdagi 2800-sonli topshirig’iga hamda Toshkent shahar Mirzo Ulug’bek tuman prokuraturasining 2022-yil 12-maydagi 262692/2022-16VG-sonli xatiga asosan Toshkent shahri Mirzo Ulug’bek tumani Mag’rur ko’chasi 55b-uyni qurilishi bo’yicha vizual o’rganish ishlari o’tkazilgan.
O’rganish jarayonida mazkur turar joy binosi 2016-2017-yillarda qurib bitkazilganligi, umumiy yer maydoni 2500 kvadrat metrni tashkil qilishi, blokli sxemada joylashtirilib, 3 va 4 qavatli qilib qurilganligi, turar joy binolarining hovlisiga bitta kirish yo’lagidan kirilishi, kirish yo’lagining o’lchamlari 5 metrni tashkil qilishi, bino bloklaridagi oraliq masofalar (yon tomon fasadlari) shaharsozlik norma va qoidalariga muvofiq emasligi natijasida deraza darchalaridan qarama-qarshi xonadonlarning uylari yaqqol ko’rinib turishi (oraliq masofalar 5 metrdan 6,7 metrgacha), bolalar maydonchalari mavjud emasligi, ariqlar (lotok) o’rnatilmaganligi sababli binoning poydevoriga yomg’ir va qor yog’ishi natijasida suv ketishi, yong’in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar xavsizligi hodisalari e’tiborga olinmaganligi, yashil maydonchalar (ko’kalamzorlashtirish) mavjud emasligi, avtomobillarni saqlash uchun joy qoldirilmaganligi, tashqi va ichki devorlarda hamda beton ustunlarda yoriqlar borligi aniqlangan.
Aniqlanganlardan kelib chiqib, hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan:
1. Toshkent shahar hokimligiga 2022-yilning 5-aprel kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug’bek tumani hokimligi hamda “O’ZGASHKLITI” DUKka 55b-uy hozirgi kunda avariya holatida ekanligini bildirib, aholini zudlik bilan ko’chirish to’g’risidagi taklifini asosli deb hisoblashi to’g’risidagi 1955-sonli xati yuborilganligini;
2. Toshkent shahar Mirzo Ulug’bek tumani prokuraturasiga 2022-yilning 13-may kuni “Toshkent shahri Mirzo Ulug’bek tumani “Oliy himmat” MFY, Mag’rur ko’chasida joylashgan 55b-uyning yuk ko’taruvchi devorlarida hamda ustunlarida yoriqlar borligidan kelib chiqib, kutilmagan yer silkinishida bino qulab tushishi va oqibatda inson hayotiga zarar yetishini oldini olish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-avgustdagi 496-sonli qarorining 15-bandi 2-xatboshisiga asosan qurilish sohasidagi loyihalash tashkilotlari va maxsus lisenziyalangan tashkilotlar yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb qilgan holda ushbu binolardan kelgusida foydalanish mumkin yoki mumkin emasligi bo’yicha (zilzilabardoshliligi va turg’unligi) instrumental texnik ko’rik xulosasini olishni va olingan xulosa asosida tegishli chora ko’rish maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan.