Fargʻona viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi Margʻilon shahar Rohat mahalla fuqarolar yigʻini hududida qurilgan obyektni joyida o‘rganib chiqdi.
Margʻilon shahar hokimining 2020-yil 25-dekabrdagi 584-sonli qaroriga koʻra tashabbuskor investor Z.Toshtemirovaga “Rohat” MFY B.Margʻiloniy koʻchasida joylashgan 890 kv.m yer maydonining 200 kv.m qismiga oʻz mablagʻlari hisobidan mahalla fuqarolar yigʻini uchun maʼmuriy idora, sektor faoliyati uchun idora binosi qurib berish sharti bilan 690 kv.m yer maydoniga yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida ayollar tikuvchilik sexi, savdo va maishiy xizmat kompleksi qurishga ruxsat berilgan.
Masala oʻrganilganida 814 kv.m yer maydoniga fuqaro Z.Toshtemirova tomonidan ikki qavatli, birinchi qavati savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchalari, ikkinchi qavati esa turar joy binolari 85 foizga qurib bitkazilgan.
Shahar hokimining yuqoridagi qaroriga muvofiq ajratilgan hudud ustki qismidan yuqori kuchlanishli (110 kVt) elektr uzatish liniyasi oʻtganligi, liniyaning chetki simi bilan qurilayotgan binoning sharqiy qismi oraligʻi 8,20 metr, gʻarbiy qismi esa 6,60 metrni tashkil etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari”ning 14-bandida 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun muhofaza maydoni liniya chetki simlaridan har ikki tarafga — 20 metr ekanligi; 15-bandi b)-kichik bandida esa texnik qoidalar, normalar va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq yaratilgan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga yurib oʻtish va transport vositasida oʻtish joylariga har qanday obyektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish, shuningdek, elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga kirish yoʻllarini barpo qilmay turib, bunday kirishlarga halaqit beruvchi har qanday ishni amalga oshirish va inshootlar barpo etish taʼqiqlanishi belgilab qoʻyilgan.
Margʻilon shahar hokimining 2020-yil 25-dekabrdagi 584-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari”ning 14-15-bandlariga rioya etilmasdan qabul qilingan.
Yuqoridagilarga koʻra Fargʻona viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mazkur yer maydonida amalga oshirilgan qurilish ishlarini bartaraf etish hamda chora koʻrishlik uchun Margʻilon shahar hokimligiga 2022-yil 27-may kuni 01-08/1153-sonli hamda Margʻilon shahar Elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyatiga 2022-yil 27-may kuni 01-08-1154-sonli aloqa xatlari kiritilgan.