Buxoro shahrining I.Mo‘minov ko’chasi yoqasidagi ko‘p qavatli turar-joy binosida bajarilgan sifatsiz qurilish ishlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o’rganib chiqildi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko’rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to’g’risida”gi 370-sonli qarorining 5-ilovasiga asosan “Buxoro City” MChJ tomonidan Davlat xizmatlari markazi orqali qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun viloyat hududiy inspeksiyasiga xabarnoma yuborilib, inspeksiya tomonidan 2021-yil 9-dekabrda 1508-son bilan ro‘yxatga olingan. Mazkur obyekt 2022-yil 2-martda mazkur reglamentning 6-ilovasiga asosan foydalanishga qabul qilingan.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqda keltirilgan murojaat yuzasidan binoning lift qurilmasi o‘rnatilgan bo’lib, to’liq foydalanishga tayyor holatda ekanligi, atrofdagi axlat buyumlarining yig’ilib qolishiga sabab esa xonadon egalarining o’ziga tegishli xonadonlarda pardozlash ishlari davomida chiqayotgan qurilish axlatlarini obyekt atrofida tashlab ketishayotgani aniqlandi. Mazkur obyekt shaharning arxitekturaviy qiyofasini yangilash maqsadida renovatsiya dasturi asosida bir qancha ko‘p qavatli binolarning qurilish montaj ishlari olib borilayotganligi sababli ushbu turar-joyning obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish ishlari keyingi bosqichga qoldirilgan.
Shuningdek, binoga tegishli individual kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan hududiy inspeksiya tomonidan “Buxoro City” MChJ rahbariga tegishli ko’rsatma hamda topshiriqlar berildi, muammo nazoratga olindi.