📝Uychi tumani Hurriyat MFY Beruniy koʻchasidagi koʻp qavatli turar-joy binosida yashovchi M.Karimova va bir qator fuqarolar oʻzlari yashayotgan uydagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda amaliy yordam berish yuzasidan murojaat qilgan. Holatni joyida tegishli hujjatlar va oʻrganishlar asosida koʻrib chiqilganda quyidagilar aniqlandi:
✅“A-NEW STROY” MCHJga oʻz mablagʻlari hisobidan mazkur hududda koʻp qavatli turar-joy binolari qurish uchun 0.42 ga yer maydoni ajartish toʻgʻrisidagi 277-sonli qaror qabul qilingan.
◀️2020-yil 22-dekabrda buyurtmachi hamda oʻz oʻrnida bosh pudratchi “A-NEW STROY” MCHJ tomonidan hududiy inspeksiyaga xabarnoma yuborilib, u roʻyxatdan oʻtkazilgan.
‼️Inspeksiya tomonidan 2021-yilda “Shafof qurilish” elektron tizimi orqali 5 marta nazorat tekshiruvi oʻtkazilgan, jami 9 ta koʻrsatma berilib, 2021-yil aprel oyida loyiha hamda qurilish meʼyorlari va qoidalari talablarini buzganligi uchun “A-NEW STROY” MCHJ rahbari A.Nishanovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 99-moddasi talabiga koʻra sud tartibida jarima qoʻllanilgan. 2022-yilda 2 marta nazorat tekshiruvi oʻtkazilib, bosh pudratchining ish yurituvchisi va loyihalash tashkiloti mualliflik nazoratchisiga “Shafof qurilish” elektron tizimi orqali koʻrsatma berilgan. 2022-yil mart oyida koʻrsatmada qayd etilgan qoida buzilishlarni muddatida barataraf etmaganligi uchun obyekt egasi “A-NEW STROY” MCHJ rahbari A.Nishanovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarligi toʻgʻrisidagi Kodeksi 99-moddasi tartibida jarima qoʻllanilgan.
💬Holat joyiga chiqib oʻrganilganda murojaatdagi eʼtirozlar oʻz tasdigʻini topgan. Bundan tashqari energiya tejamkorlik talablari bo‘yicha bino tashqi fasadiga bazalt qoplama bajarilmasdan, loyiha tashkiloti roziligisiz xonadonlar ichki tomonidan tashqi devorlarga issiqlik himoya qatlami va ustki qismidan gipsokarton qoplamasi ishlari amalga oshirilgan holda pardozlash ishlari bajarilgan, loyihada bino 5 qavatli, 40 xonadonli boʻlsa-da amalda 6-qavat (mansarda) barpo etilgan, binoning 4-5-qavatlarida bajarilgan monolit temir beton konstruksiyalarni loyihada belgilangan mustahkamlik koʻrsatkichiga erishilganligi boʻyicha laboratoriya xulosalari olinmaganligi holatlari mavjud.
✅Yuqorida qayd etilgan qoidabuzarliklarni tahlil qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik kodeksi 99- moddasida qayd etilgan “qurilishi yakunlangan obyektlarni foydalanishga topshirish” qoidalarini buzganligi, hududiy inspeksiya tomonidan taqdim etilgan koʻrsatmalarni muntazam bajarmayotganligi uchun obyekt egasi, buyurtmachi, oʻz oʻrnida bosh pudratchi “A-NEW STROY” MCHJ rahbariga nisbatan takroran maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
✍️Hududiy inspeksiya tomonidan “A-NEW STROY” MCHJ tomonidan qurilgan koʻp qavatli turar-joy binosini foydalanishga qabul qilish boʻyicha 2021-yil 10-fevraldagi 72-son qarorini bekor qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik Kodeksining 22-moddasida qayd etilgan mahalliy hokimiyat organlarining funksional vazifa va vakolati doirasida mazkur koʻp qavatli turar joy binolaridan aholini vaqtinchalik boshqa joyga koʻchirib, loyihada belgilangan qurilish ishlarini toʻliq yakunlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF5886-sonli Farmoni 3-bandida taʼkidlangan turar-joy binosiga gaz taʼminoti muammosini hal etgan holda belgilangan tartibda foydalanishga topshirishni talab etib, tuman hokimligiga TAQDIMNOMA yuborildi.
❕Murojaat mualliflariga esa shartnomaviy munosabatlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF5886-sonli Farmoni talabini buzayotganligi uchun obyekt bosh pudratchisi hamda tuman hokimligini sudga berish huquqi borligi tushuntirib oʻtildi.