• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

MUNOSABAT

Fev 3, 2022 Posted by: tested Videolavhalar Yangiliklar

2022-yil 1-fevralda ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahar I.Karimov ko’chasida turar-joy binosining old tomonida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlaridan norozi bo’lib qilingan murojaat Buxoro viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan o’rganib chiqildi.

O’rganish jarayonida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro shahriga qilgan tashrifi asosida 2017-yil 17-martdagi 2905-XX-sonli bayonnomasiga asosan I.Karimov ko’chasining tasdiqlangan konsepsiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida, 2018-yil 7-noyabrda Buxoro shahar qurilish bo’limi tomonidan “shaharning I.Karimov ko’chasidan “Mirzo Ulug’bek” XKga tegishli 5580,0 m2 dan iborat yer uchastkasini birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko’rsatish, mahalla binosi, yuqori qavatlarida turar-joy binolari hamda mehmonxona, maktabgacha ta’lim muassasasi va sport majmuasi qurilishi maqsadida qayta qurilish to’g’risida”gi 267-sonli ruxsatnoma berilgan.

Mazkur ruxsatnoma ijrosini ta’minlash hamda “Mirzo Ulug’bek” XKning buyurtmasiga asosan Buxoro viloyat Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2018-yil 14-dekabrda qurilishi rejalashtirilgan binoning qizil chiziq chegaralari belgilanib, 1863-sonli Arxitektura-rejalashtirish topshirig’I (ART) tayyorlab berilgan.

Mazkur binoning loyiha-smeta hujjatlari “Madadkor” MCHJ loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilib ijobiy ekspertiza xulosasi olingan.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018- yil 18-maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko’rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to’g’risi”dagi 370-sonli qarorining 5-ilovasiga asosan “Mirzo Ulug’bek” XK tomonidan Davlat xizmatlari markazi orqali, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun viloyat hududiy inspeksiyasiga xabarnoma yuborilib, inspeksiya tomonidan 2019-yil 16-yanvarda 32-son bilan ro’yxatga olingan.

Mazkur hududda qurilish ishlari boshlanmagan, ushbu kompleksning tasdiqlangan bosh rejasiga asosan bolalar maydonchasi hamda ko’kalamzorlashtirish ishlari olib borilishini bildiramiz.