• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

NAMANGAN: QURILISHDAGI QO‘POL QOIDABUZARLIKLAR

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi > Yangiliklar > Fotolavhalar > NAMANGAN: QURILISHDAGI QO‘POL QOIDABUZARLIKLAR
Mar 24, 2021 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

1. Namangan shahridagi “Mukammal qurilish sanoat servis” MCHJ

Obyekt nomi: Samarqand va Navoiy ko‘chalari kesishmasida “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalarini o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli turar-joy” binosi qurilishi;

Sifatsiz qurilish montaj ishlarini bajarish, loyiha va qurilish me’yorlaridan chetlanishda aniqlangan holatlar:

– bino qurilishi tasdiqlangan loyiha bo‘yicha 9 qavatli belgilangan bo‘lsada, amalda hech qanday hisobiy yechimlarsiz, loyihalash tashkiloti roziligisiz 10-qavat qurilgan;

– obyektda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasdan, xavfli joylarda tegishli vaqtinchalik to‘siqlar qo‘yilmasdan, obyekt hududi qurilish chiqindilaridan tozalanmasdan ish tashkil etilgan. Bu bilan QMQ 3.01.02-00 “Qurilishda xavfsizlik texnikasi” talablari buzilgan;

– bino poydevori beton konstruksiyalariga loyihada belgilangan mustahkamlik darajasi bo‘yicha qurilish sinov labaratoriyasining ijobiy xulosasi olinmasdan, ustki qismidan keyingi ishlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilgan. Bu bilan ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi talabi buzilgan;

– bajarilgan monolit temir beton konstruksiyalarning (rigel, balka, rama) ayrim joylarida beton himoya qatlami tushib ketib, armokarkaslari ochilib qolgan holatlari mavjud. Bu bilan QMQ 3.03.01-98 “Yuk ko‘taruvchi va to‘suvchi konstruksiyalar”ning bir qator bandi talabi buzilgan;

– binoning 3-4-5-qavatlarida qurilgan ayrim monolit temir-beton kolonnalar va rigellar loyihaga zid ravishda sifatsiz qurilgan bo‘lib, belgilangan loyihaviy o‘qidan chetga siljish holatlari mavjud. Bu bilan QMQ 3.03.01-98 “Yuk ko‘taruvchi va to‘suvchi konstruksiyalar” hamda QMQ 2.01.03-96 “Zilzilaviy xududlarda qurilish” talablari buzilgan;

– 3-qavatdagi yig‘ma temir beton orayopma plitalarning ostki yuzalarida betonli himoya qatlamlari tushib ketib, armatura sterjenlari ochilib qolgan va SHNQ 3.01.01-03 “Qurilishni tashkil etish”ning 1.13 bandi talabi bo‘yicha obyektga keltirilgan materiallar kirish nazoratidan o‘tkazilmagan;

– chordoqli tom konstruksiyasining yog‘och elementlari – mauerlat, progon, stoyka, rasporkalar ko‘ndalang kesim o‘lchamlari loyihaga nisbatan kamaytirib bajarilgan, mauerlat elementi ostiga loyihada belgilangan himoya to‘shamasi – ruberoid bajarilmagan, yog‘och elementlarni bir-biriga biriktiruvchi temir skobalar bilan mahkamlanmagan, chordoq konstruksiyasi balandligi asossiz ravishda loyihaga nisbatan ko‘tarib bajarilgan, yog‘och elementlar yong‘inga va chirishga qarshi maxsus suyuqlik bilan ishlov berilmasdan joyida montaj qilingan. Bu bilan tasdiqlangan loyiha talabi buzilgan.

Binoning hozirgi kundagi umumiy holati loyiha hamda asosiy QMQ 3.03.01-98 “Yuk ko‘taruvchi va to‘suvchi konstruksiyalar”, QMQ 2-01-03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” me’yoriy hujjatlarning bir qator talablariga javob bermaydi. Yozma ko‘rsatmalarda qayd etilgan qoidabuzilishlar yuzasidan obyekt buyurtmachisi (o‘z o‘rnida pudratchi tashkiloti) “Mukammal qurilish sanoat servis” MCHJ rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 99-moddasi bo‘yicha 2020 yil 6 iyunda 03/20-sonli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud tartibida ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Tegishli tartibda ma’muriy chora ko‘rilishiga qaramasdan, buyurtmachi-pudratchi “Mukammal qurilish sanoat servis” MCHJ tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarni o‘z muddatida bartaraf etmasdan qurilish-montaj ishlari davom ettirilgan. Shundan so‘ng Inspeksiya tomonidan obyektda qurilish-montaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida 2020 yil 7 iyulda № 4-01-470-sonli “Ogohlantirish xati” hamda 2021 yil fevralda takroran №01/2021-sonli yozma ko‘rsatma berilgan.

 


 

2. Namangan shahridagi “Azizbek avtogaz servis” MCHJ

Obyekt nomi: Namangan shahar, Navoiy ko‘chasidagi 1-sonli “Savdo shahobchalarini o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishi”;

Aniqlangan kamchiliklar:

– Bino qurilishi viloyat qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan boshlangan;

– bino qurilishi tasdiqlangan loyiha bo‘yicha 8 qavatli belgilangan bo‘lsada, amalda 10 qavat qurilgan;

– Loyiha talabini buzgan holda 1-qavat orayopmasini montaj qilishda chetki tomonidagi ko‘p bo‘shliqli plitalar yon qismidan sindirib montaj qilingan;

– monolit temir-beton zinapoyalar va maydonchalarini qurishda betonlash ishlari sifatsiz bajarilgan ya’ni beton qorishmasini yetarli zichlanmaganligi sababli yuzalarida g‘ovaklik, chaqiq tosh to‘planish, armokarkaslarini ochilib qolish holatlari mavjud;

– joyida montaj qilingan orayopma ko‘p bo‘shliqli plitalar oralig‘idagi choklari sement qorishmasi o‘rniga qurilish chiqindilari bilan to‘ldirilgan;

– binodagi monolit temir beton konstruksiyalariga loyihada belgilangan mustahkamlik darajasi bo‘yicha qurilish sinov labaratoriyasining ijobiy xulosasi olinmasdan, ustki qismidan keyingi ishlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilgan;

– binodagi pardadevorlarga g‘isht terimi ishlari sifatsiz bajarilgan ya’ni choklari belgilangan me’yoridan ortiq, loyihada belgilangan pardadevorlarni asosiy devorga biriktirish elementlari bajarilmagan.

Binoning hozirgi kundagi umumiy holati texnik nazorat mutaxassislari, qurilish sinov laboratoriyasining nazorati olib borilmaganligi sababli loyiha hamda asosiy QMQ 3.03.01-98 “Yuk ko‘taruvchi va to‘suvchi konstruksiyalar”, QMQ 2-01-03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” me’yoriy hujjatlarining talablariga javob berishi, mustahkamlik ko‘rsatkichlariga muvofiqligi mavhum bo‘lib qolmoqda.