• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

Namanganda obyekt qurishda buzilishlar aniqlandi

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi > Yangiliklar > Fotolavhalar > Namanganda obyekt qurishda buzilishlar aniqlandi
Fev 22, 2021 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali Namangan shahar, Navoiy ko‘chasidagi 1-sonli “Savdo shaxobchalarini o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli turar-joy binosi” qurilishi obyekti bo‘yicha tarqalgan xabar bo‘yicha Namangan viloyati qurilish sohasida nazorat inspeksiya mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakuni bo‘yicha quyidagilar aniqlangan.

Namangan shahar, Navoiy ko‘chasidagi 1-sonli “Savdo shaxobchalarini o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli turar-joy binosi” qurilishi obyekti bo‘yicha buyurtmachi va bosh pudratchi tashkilot “Azizbek avtogaz servis” MCHJ, loyiha hujjatlari “Ultra Groupp” OOO tomonidan tayyorlangan va qurilishi obyektida qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanmagan. Binodagi loyihaviy o‘zgartirishlarga loyihalash tashkilotining xulosasi mavjud emas.

 

Namangan shahar, Shodlik MFY, Navoiy ko‘chasi va To‘raqo‘rg‘on ko‘chasi kesishmasidagi 2 ta 9 qavatli yangi qurilayotgan turar-joy binolari o‘rtasidagi buzilmasdan qolib ketgan 8-proyezd, To‘raqo‘rg‘on ko‘chasidagi 30-uy fuqaro Yuldashev Sobirga qarashli bo‘lib, hozirgi kunga qadar pudratchi tashkilotlar “Azizbek avtogaz servis” MCHJ hamda “Muhammad Said qurilish savdo” MCHJ tomonidan mazkur xonadonni ko‘chirish shartlari hal etilmaganligi ma’lum bo‘ldi. 30 uy egasi bilan o‘tkazilgan suhbat yuzasidan shu narsalar ma’lum bo‘lganki, yangi qurilayotgan qurilish obyektlarining pudratchi korxonalari buzilishga tushgan xonadonlar egalari bilan “kompensatsiya” to‘lovlari bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud.

Yuqorida qayd etilgan xonadonning tepa qismi pudratchi tashkilot “Azizbek avtogaz servis” MCHJ tomonidan qurilayotgan 1-sonli “Savdo shaxobchalarini o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli turar-joy binosi”ning loyihada “1-2/D-G” o‘qlari bo‘yicha lodjiya (balkon) qismi qurilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, fuqaro Yuldashev Sobirga qarashli bo‘lgan 30 uyning orqa tomon qismi bilan yaqin masofada o‘rnashgan. Natijada ko‘p qavatli turar-joy binoning “1-2/D” o‘qlari qismidagi lodjiya (balkon) 1-qavatdan qurish imkoni bo‘lmasdan, balkonlar 1-2-qavatlarda bajarilmagan va monolit temir-betonli kolonnalar 3-4-qavatlardagi konsollarga bog‘langan holda qurilgan, pastki konsollarga tushadigan yuklamani pasaytirish maqsadida 5-9-qavatlarda monolit temir-beton kolonnalar bajarilmagan.

                     

Inspeksiya tomonidan mazkur obyekt bo‘yicha 2018 yil 13 iyulda 27NSH-sonli ogohlantirish xati bilan mavjud bo‘lgan nuqsonlar va kamchiliklar yuzasidan qurilishni to‘xtatish to‘g‘risida 2021 yil 4 fevraldagi 04/2021-sonli yozma ko‘rsatma berilgan. Binoning orqa fasad tomonida “M-N/12-12/1” o‘qlarda joylashgan qismida loyiha bo‘yicha balkon qismi bajarish, balkon qismini orqa yopmasini monolit temir-betonli bajarish ko‘rsatilgan. Hozirgi kunda faqat 3-qavat balkon qismining 1 dona monolit temir-beton orqa yopmasiga beton quyilgan. Pudratchi tashkilot tomonidan mavjud bo‘lgan muammo yuzasidan binoning mazkur qismida balkon bajarmaslik, kelgusida monolit temir-beton konstruksiyalarning po‘lat armaturali chiqarmalarini kesib tashlash chorasini ko‘rish kerakligi ta’kidlangan.

2 dona ko‘p qavatli turar-joy binolari oralig‘ida ko‘chirilmay qolib turgan xonadonni ko‘chirish masalasini hal etish Namangan shahar xokimligi bilan obyekt quruvchi pudratchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Mazkur holat yuzasidan mavjud muammolarni hal etish uchun Namangan shahar xokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Ro‘zibayevga 2021 yil 18 yanvardagi 4-01-55-sonli xat yuborilgan. Bundan tashqari fuqaro Yuldashev Shavkat Sobirovichning murojaati yuzasidan Namangan shahar prokuraturasiga 2021 yil 20 yanvardagi 4-01-65-sonli xat yuborilgan.

Qayta o‘rganish natijasi bo‘yicha Namangan shahar hokimiga mazkur holat yuzasidan vakolati doirasida chora ko‘rish bo‘yicha 2021 yil 20 fevraldagi 4-01-255-sonli yana aloqa xati yuborilgan. Hozirgi kunda obyektda pudratchi tashkilot tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilgan.