Navoiy shahrida yashovchi bir guruh fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga hamda Qurilish vazirligiga Navoiy shahrida noqonuniy qurilayotgan bozor haqida murojaat kelib tushgan.
O‘rganish natijasida hamda Navoiy viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan Navoiy shahrida olib borilayotgan qurilish ishlari monitoringi natijalariga ko‘ra shaharning sanoat zonasida “XUMO STROY NAVOIY” MCHJ tomonidan “Avtomobil va ehtiyot qismlari bozori” obyektida hech qanday shaharsozlik hujjatlarisiz, o‘zboshimchalik bilan hududiy nazorat inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, Navoiy viloyati Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi “Arxitektura-shaharsozlik kengashi”ning 2020-yil 4-dekabrdagi 93-sonli yig‘ilishiga shahar hokimligi tomonidan tegishli materiallar kiritilgan va tanlangan yer maydonida kommunikatsiya tarmoqlari o‘tganligi hamda shaharning bosh rejasiga muvofiq yo‘l o‘tishi rejalashtirilganligi sababli Kengash a’zolari tomonidan rad etilgan. Biroq, Navoiy shahar hokimining 2021-yil 11-yanvardagi Q-002-sonli qarori bilan “XUMO STROY NAVOIY” MCHJga Navoiy shahrining sanoat zonasidan vaqtinchalik 10 yil muddatga “Avtomobil va ehtiyot qismlari bozori” qurilishi uchun 4,5 ga yer maydoni asossiz ravishda ajratib berilgan. Mazkur obyektning shaharsozlik va qurilish me’yorlari asosida qurilishi qonuniyligi o‘rganilganda, obyekt qurilishi uchun ART hujjatlari ishlab chiqilmaganligi, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmagani, ekspertizadan o‘tkazilmagani, viloyat hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish-montaj ishlari boshlanganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan 2021 yilda Navoiy shahar hokimligi tomonidan qabul qilingan qarorlarning qonuniyligi o‘rganilgan va Navoiy shahar hokimining 2021-yil 11-yanvardagi K-002-sonli qarori noqonuniy deb topilgan. Adliya boshqarmasining 2021-yil 2-fevraldagi 1-85/2-7/47-sonli taqdimnomasiga asosan Navoiy shahar hokimining 2021-yil 4-fevraldagi K-039-sonli qarori bilan K-002-sonli qaror bekor qilingan. Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan mazkur noqonuniy obyekt qurilishini to‘xtatish va qurilish ishlarini demontaj qilish bo‘yicha 2021-yil 8-fevral kuni 01-12/197-sonli hamda ikkinchi marta 2021-yil 25-fevralda 01-12/360-sonli yozma ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, “XUMO STROY NAVOIY” MCHJ rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy kodeksining 99-moddasi 7-qismi bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Qurilish sohasidagi Navoiy viloyati hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan joriy yilning 25 fevralida 01-12/362-sonli xat bilan Navoiy shahar prokuroriga hamda shu sanadagi 01-12/363-son xat bilan Navoiy shahar hokimligiga vakolati doirasida chora ko‘rish uchun xatlar chiqarilgan. Ushbu idoralar tomonidan tegishli choralar ko‘rilishini nazoratga olish hamda Navoiy shahar hokimining 2021-yil 11-yanvardagi Q-002-sonli qaroriga nisbatan huquqiy munosabat bildirish uchun Qurilish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga va Adliya vazirligiga 04-07/1956-son hamda Navoiy viloyati hokimiga 04-09/1957-sonli xatlar bilan joriy yilning 24 fevralida murojaat qilingan.
Davlat tashkilotlari tomonidan ushbu holatlarga bildirilgan munosabatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib boriladi.