? Mirobod tumani “Afrosiyob” mahallasidagi ko‘p qavatli uylarga bir nechta boshqaruv tashkilotlari xizmat ko‘rsatib keladi. Jumladan, 16 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi “Dilnar kommunal” boshqaruv usulini o‘zgartirganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Uzoq yillar uy-joy mulkdorlari shirkati sifatida faoliyat olib borgan tashkilot hozirda boshqaruv servis kompaniyasi nomini olgan. Ammo, ishlash mexanizmi hali ham o‘sha-o‘sha!
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamda Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Habibulla Mirsoatov ushbu boshqaruv tashkilotining faoliyatini ko‘zdan kechirganda kamchiliklar yaqqol sezilib qoldi.
Tasvirlarda ko‘rinib turganidek, boshqaruv kompaniyasida ish tizimli tashkillashtirilmagan. Dispetcherlik xonalarida xavfsizlik qoidalariga umuman amal qilinmagan. Xona keraksiz jihozlar, xususan uchqun chiqaruvchi moslamalar bilan to‘ldirib tashlangan.
Mutasaddilar aniqlangan kamchiliklar yuzasidan boshqaruv tashkiloti mas’ullariga qattiq tanbeh berdilar. So‘nggi vaqtlarda aholi murojaati keskin oshib ketgani alohida ta’kidlanib, ishga bo‘lgan mas’uliyatni oshirish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, mutasaddilar mazkur hududda boshqaruv kompaniyalarini optimallashtirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar. Mahallaning o‘zida bir qancha boshqaruv tashkilotlari va yagona boshqaruvchilar bor. Endilikda ularning barchasi bitta kompaniyaga birlashadigan bo‘ldi.
Vazir o‘rinbosari va boshqa mutasaddilar mahalla guzarida aholi murojaatlarini qabul qilib, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berdilar.